Tanqid (faoliyat)
Tanqid, adabiy tanqid, tanqidchilik – adabiy faoliyat turi, badiiy asarni, shuningdek, bu asarda aks ettirilgan hayot hodisalarini tahlil va talqin etish. T. koʻpincha adabiyotshunoslikning bir qismi sifatida taʼriflanib keladi. Lekin T. adabiy faoliyatning mustaqil sohasi boʻlib, adabiyotshunoslikdan farqli oʻlaroq, asosan zamonaviy adabiy hayotda sodir boʻlayotgan jarayonlarni kuzatadi, bu jarayondagi yetakchi tamoyillarni aniqlaydi, gaz. va jurnali saxifalarida eʼlon qilingan adabiy asarlarga munosabat bildirib, ularni odatda shu davrning gʻoyaviy va estetik talablari asosida tahlil etadi. T. adabiy meros namunalarining teatr, kino, musiqa va tasviriy sanʼatdagi yangi talqini masalalari bilan ham qiziqib, oʻz eʼtiborini koʻpincha shu asarlarning hozirgi zamon uchun ahamiyatli tomonlariga qaratadi. T.ning asosiy vazifasi yozuvchi yoki adabiy asarni faqat tanqid qilish emas, balki adabiy asar yoki hodisaga haqqrniy baho berish, undagi yutuq va kamchiliklarni xolislik bilan yoritishdir.
T. badiiy ijod bilan qariyb bir vaqtda paydo boʻlgan. Yozuvchilar yangi yozgan asarlarini turli davralarda, yigʻin va saroylarda oʻqib berishgan, davra qatnashchilari esa shu asarlarning yutuq va kamchiliklarini qayd etib, ayni paytda ham oʻquvchi (kitobxon), ham tanqidchi vazifasini bajarib kelishgan. Bu T. tarixining „ogʻzaki davri“dir. T.ning yozma adabiyotdagi ilk namunalarining paydo boʻlishi esa tazkirachilik maktabining shakllanishi bilan bevosita bogʻliq. Davlatshoh Samarqandiyning „Tazkirat ushshuaro“ (1487) asari eng qad. tazkiralardan biri boʻlib, unda 9—15-asrlarda Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston va Eronda yashagan mashhur shoirlar haqida maʼlumot bilan birga ular ijodidan namunalar ham berilgan. Tazkirachilikning mumtoz namunalaridan biri – Navoiyning „Majolis unnafois“ (1491) asarida esa 15-asrda Xurosonda yashagan jami 450 dan ortiq shoir, yozuvchi va olimlarning bilim darajasi, dunyoqarashi, xulqatvori va boshqa toʻgʻrisida maʼlumot berilgan. Shuningdek, Nisoriy, Vozeh, Fazliy, Tabibiy va boshqalarning tazkiralarida muayyan yozuvchilar va ularning asarlari yuzasidan berilgan maʼlumotlar oʻzbek adabiyotida T.ning paydo boʻlishidagi muhim omillardan boʻlgan.
T. uzoq vaqt mobaynida „amaliy“ ahamiyat kasb etib, yozuvchini maqtash, koʻkka koʻtarish yoki, aksincha, qoralash, nuqsonlarini fosh etish, uning asarini esa umumiy baholash va kitobxonga tavsiya etish bilangina kifoyalanib keldi. Adabiyotning rivojlanishi, uning oldiga jamiyat tomonidan qoʻyilgan vazifalarning murakkablashishi bilan T. ham adabiy mehnat sohasi sifatida yangi qirralar, sifatlar kasb etdi.
16—18-asrlarda Yevropa xalklari adabiyotida estetik tafakkurning shakllanishi bilan T. adabiy harakatning muhim qismi sifatida ajralib chiqdi. 19-asrda Farnsiyada Sh. O. SentByov boshchiligidagi „biografik tanqid“ning, Rossiyada V. G. Belinskiy, N. A. Dobrolyubov, N. G. Chernishevskiy singari rus tanqidchilari maktabining shakllanishi bilan T. ning adabiy hayotdagi ahamiyati behad oshdi, maqsad va vazifalari esa tubdan oʻzgardi.
Oʻzbek adabiyotida zamonaviy T.ning paydo boʻlishi 20-asrning 10y.lariga toʻgʻri keladi. Choʻlponning „Adabiyot nadur?“ („Sadoi Turkiston“, 1914) va „Muhtaram yozuvchilarimizgʻa“ („Sadoi Turkiston“, 1915), M.Behbudiyning „Teatr nadur?“ („Oyna“, 1914) singari maqolalarining eʼlon qilinishi bilan oʻzbek T.ining tom maʼnodagi tarixi boshlandi. Yozuvchi va tankidchilar shu davrda chop etilgan adabiytanqidiy maqolalarida badiiy adabiyotning yangi tarixiymadaniy davrdagi maqsadi, vazifasi va yoʻnalishini belgilab berishga harakat qildilar.
20y.larning oʻrtalaridan T. sovet mafkurasi taʼsirida adabiy hodisalarga sinfiylik va partiyaviylik nuqtai nazaridan yondasha boshladi. Natijada oʻzbek adabiyotiga katta zarar keltirgan vulgarsotsiologik T. maydonga keldi. Bunday T. vakillari sovet voqeligini qabul qilmagan Choʻlpon singari yozuvchilarga qarshi kurash eʼlon qildilar. Yozuvchi mahorati emas, mavzuning dolzarbligi, gʻoyaviylik badiiy asar qimmatini belgilovchi asosiy mezonga aylandi. 1937—38 yillardagi qatagʻon toʻlqini bir qadar tingan Ikkinchi jahon urushi yillarida Oybekning „Navoiy“ romani, Shayxzodaning „Jaloliddin Manguberdi“ tragediyasi, Gʻafur Gʻulom singari shoirlarning yangi sheʼriy asarlarining chop etilishi munosabati bilan T. yana jonlanib, adabiy hayotga badiiyestetik talablar asosida yondasha boshladi. Shu tarzda T. oʻz tarixining turli bosqichlarida adabiy hayotga ijobiy taʼsir koʻrsatish, adabiy jarayondagi ijobiy tamoyillarning avj olishiga koʻmaklashish oʻrniga yozuvchining erkin ijod etish huquqini cheklab keldi. Lekin shu bilan birga oʻtgan asrning 10y.larida ham, keyin ham Choʻlpon, Oybek, Abdulla Qahhrr singari yozuvchilar, Izzat Sulton, Matyoqub Qoʻshjonov, Ozod Sharafiddinov kabi tanqidchilar T.ning toʻgʻri yoʻldan borishi va adabiyot oldidagi vazifasini qalol oʻtashiga yordam beradigan ibratli ishlarni amalga oshirdilar.
T.ning adabiy portret, adabiytanqidiy maqola, taqriz, bibliografiya, adabiy sharh, esse, baxs, suhbat, ochiq xat, pamflet singari janr koʻrinishlari mavjud. Tanqidchi T.ning bu barcha janrlaridan axloq va odob mezonlaridan chiqmagan holda foydalanishi lozim.
Ad.:Bursov B. I., Kritika kak literatura. L., 1976; Nazarov B., Oʻzbek adabiy tanqidchiligi: gʻoyaviylik, metod, qahramon, T., 1979; Oʻzbek adabiy tanqidi tarixi, 1—2j.lar, T., 1987.
Naim Karimov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |