Serussit
Serussit, oq qoʻrgʻoshin rudasi — karbonatlar sinfiga mansub mineral, qoʻrgʻoshin karbonati. Kimyoviy tarkibi RSO3; oz miqdorda Sa, Zn, Sr, Mg aralashgan boʻladi. Romb singoniyada kristallanadi. Aragonitning strukturaviy analogi. Kristallari psevdogeksagonal-dipiramidal, ustunsimon va boshqa shakllarda. Donador, kukunsimon, tolasimon agregatlar hosil qiladi. Rangsiz, oq, kulrang , qora, kamdan-kam qoʻngʻir, koʻk, yashil tusda. Olmosdek, baʼzan shishasimon yaltiraydi, shaffof. Qattiqligi 3—3,5, zichligi 6,4—6,6 g/sm3. Juda moʻrt. Qoʻrgʻoshinli tomirlarning yer sathiga yaqin zonalarida karbonatli suvlarning galenitga taʼsiri natijasida hosil boʻladi. Sinonimi: akruzit, qoʻrgʻoshin shpati. Qoʻrgʻoshin olinadigan ruda hisoblanadi. S. 10—11-asrlardan maʼlum boʻlib, qoʻrgʻoshinning oson ishlov beriladigan rudasi sifatida foydalanilgan. RF (Oltoy), Qozogʻiston, AQSH va Avstraliyada konlari bor. Oʻzbekistonda Qoʻrgʻoshinkon, Lochinkon, Jan. Darboza konlarida topilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |