Kontent qismiga oʻtish

Suba (viloyat)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Boburiylar imperiyasi Akbar I hukmronligining oxirida

Suba — XVI—XVIII asrlarda Boburiylar imperiyasidagi maʼmuriy-hududiy birlik (viloyat) nomi. Kichikroq hududiy birliklar — sarkarlar (tumanlar) dan, ular esa, oʻz navbatida, pargʻona yoki mahalla deb ataladigan soliqqa tortiluvchi maʼmuriy birliklardan iborat edi. Har bir suba hukmdor tomonidan tayinlangan voliylar tomonidan boshqarilardi, ular navvob subador yoki subadar deb ataladi (keyinchalik bu unvondan Britaniya Hindistoni armiyasida qoʻllangan subedar ofitserlik unvoni kelib chiqqan). Ayrim gubernatorlar sipohsolar yoki nozim unvoniga ega edilar[1]. Qolgan amaldorlarni subadorlarning o‘zlari tayinlaganlar. Sarkarlarga soliq yigʻish uchun mas’ul boʻlgan amalguzarlar va sarkarda harbiy garnizonga rahbarlik qiluvchi va politsiya vazifalarini bajaruvchi, shuningdek, amalguzarlarga soliq yigʻishda yordam bergan fovjdorlar boshchilik qilganlar[2]. Akbar fujdorlarni shaxsan tayinlagan, keyin esa subadalar tayinlay boshlagan. Subalardagi shaharlarni kutvollar boshqargan, ular politsiya va soliq vazifalarini ham bajargan. Subadorlar suba hududida harbiy garnizonlarga boʻysungan, hududlar asta-sekin ularning shaxsiy boshqaruviga oʻtgan va oʻzaro urushlarda ishlatilgan.

Boburiy hukmdor Akbar I (1556—1605), imperiyani subalarga boʻlgan.

Imperiyaning hududiy boʻlinishi podshoh Akbar tomonidan 1572—1580-yillardagi maʼmuriy islohotlar davrida amalga oshirilgan. Dastlab imperiya 12 ta subaga boʻlingan boʻlsa, Akbar hukmronligining oxiriga kelib Dekandagi istilolari tufayli subalar soni 15 taga yetdi (Berar, Dandesh (keyinchalik Xandesh nomiga oʻzgartirildi), Ahmadnagar (1636-yilda Davlatobod nomiga, keyinchalik Avrangobod nomiga oʻzgartirildu) subalari). Akbarning vorisi Jahongir davrida yana ikkita suba tashkil etildi: xususan, 1607-yilda Bengal subasidan alohida Orissa subasi ajratildi.

Shoh Jahon hukmronligining oxiriga kelib, imperiya 22 subadan iborat boʻlgan. Bu hukmdor davri maʼmuriy-hududiy tuzilmalarning sezilarli darajada qayta tashkil etilishi bilan ajralib turdi. 1636-yilda Shoh Jahon Telangana sarkarini Berar subasidan ajratib, undan alohida suba yaratadi, lekin 1657-yilda uni Bidar subasiga qoʻshib yuboradi. 1629-yilda Agra shahri Akbarobod, 1648-yilda Dehli subasi imperiyaning yangi poytaxti sharafiga Shohjahonobod deb o‘zgartirildi. Kashmir Kobul subasidan alohida, Tatta Moʻlton subasidan, Bidar Davlatobod subalaridan alohida subaga boʻlindi. Qandahor subasi 1638-1648-yilarda Fors tomonidan bosib olinmaguncha alohida suba edi.

1636-yilda Dekan imperiyasining mulklari toʻrtta: Berar, Davlatobod, Telangana, Xandesh boʻlinmalari oʻrtasida taqsimlandi. 1656-yilda Bidar subasi Davlatobod subasidan ajratildi. Keyingi yili Telangana subasi unga biriktirildi.

Avrangzeb davrida qoʻshimcha ravishda Bijapur (1686) va Haydarobod (1687) subalari tashkil etilgan. Uning davrida imperiya 21 ta subadan iborat boʻlgan. 1710-yilda Karnatika navoblari boshchiligida Arkot subasi tashkil etilgan.

Subaning tepasida, qoida tariqasida, hukmdorga yaqin boʻlgan sarkardalar va sulola aʼzolari joylashtirilgan. Koʻpincha bir shahzoda bir vaqtning oʻzida bir nechta qoʻshni boʻlinmalarni boshqargan va shu bilan imperiyaning muhim qismi ustidan hokimiyatni oʻz qoʻliga olgan. XVII asrda Dekan subadorlarini koʻpincha Dekan subadarlari deb atagan bir xil subador boshqargan (masalan, boʻlajak padishah Avrangzeb ikki marta 1636-yildan boshlab Dekan subadori boʻlgan va bir vaqtning oʻzida barcha Dekan subalarini boshqargan).

XVIII asrda Avrangzeb vorislari davrida imperiyada markaziy hokimiyatning zaiflashishi bilan subalar asta-sekin podshoh hokimiyatidan ajralib, mustaqil davlatlarga aylana boshladilar. 1739-yilda Nodirshoh imperiyaga bostirib kirib, Karnal jangida Muhammadshoh qoʻshinlarini magʻlub etib, Dehlini egalladi. Bu magʻlubiyat podsholarning siyosiy taʼsirini keskin pasaytirib, ularning subadorlari birin-ketin mustaqil hukmdorlarga aylana boshladi. Harbiy qudratini yoʻqotgan imperiya, marathalar, durroniy afgʻonlar va inglizlar zarbalaridan soʻng subalardan mahrum boʻldi. 1724-yilda Haydarobod va Avadh, 1740-yilda Bengaliya, XVIII asr oʻrtalarida Dekan subslari Maratha sulolalari boshchiligidagi mustaqil knyazliklarga aylandi. Podshohning subalar ustidan hokimiyati borgan sari susaya bordi. XVIII asrning ikkinchi yarmida uning kuchi faqat Dehli shahri va uning atrofidagi hududni boshqarishgagina yetardi.

Subalar roʻyxat

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Nomlanishi Hudud/Markaz Tashkil topishi Likvidatsiya
1. Kobul subasi Kobul 1572 ?
2. Lahor subasi Panjob/Lahor 1572 ?
3. Мoʻlton subasi Panjob/Moʻlton 1572 ?
4. Ajmer subasi Rajputana/Ajmer 1572 ?
5. Gujarot subasi Gujarot/Ahmadobod 1572 ?
6. Dehli (Shohjahonobod) subasi Dehli 1572 ?
7. Agra (Akbarobod) subasi Agra 1572 ?
8. Malva subasi Malva/Ujjayn 1572 1743-yilda marathalar nazoratiga oʻtdi
9. Avadh subasi Aud /Ayodha 15721580 1732-yilda mustaqil Aud sultonligiga aylandi
10. Аllahobod subasi Sangam/Ollohobod 15721580 ?
11. Bihar subasi Bihar/Patna 15721580 ?
12. Bengaliya subasi Bengaliya/Tanda (1574—1595),
Raj Mahal (1595—1610, 1639—1659),
Dakka (1610—1639, 1660—1703),
Murshidobod (1703—1757)
1574 1757-yilda inglizlar nazoratiga oʻtdi
13. Berar subasi Berar/Balapur, Burxanpur,
Ellichpur (1636-yildan)
1596 1724-yilda mustaqil Haydarobod sultonligiga aylandi
14. Xandesh (Dandesh) subasi Xandesh/Burxanpur 1601 ?
15. Ahmadnagar (Davlatobod,
Avrangobod) subasi
Dekkan/Ahmadnagar (1601—1636),
Davlatobod (1636—1681),
Avrangobod (1681-yildan)
16011635 ?
16. Orissa subasi Orissa/Kattak 1607 1751-yilda Bxonsle nazoratiga oʻtdi
17. Kashmir subasi Kashmir/Srinagar 1753-yilda Durroniylar imperiyasi nazoratiga oʻtdi
18. Tatta subasi Sind/Tatta 1739-yilda Nodirshoh nazoratiga oʻtdi
19. Qandahor subasi Qandahor 1638 1648-yilda Safaviylar nazoratiga oʻtdi
20. Telangana subasi Telangana/Nander 1636 1657-yilda Bidar subasi bilan birlashtirildi
21. Bidar subasi Dekkan/Bidar 1656 ?
22. Bijapur subasi Dekkan/Bijapur 1684 ?
23. Haydarobod subasi Dekkan/Haydarobod 1687 1724-yilda mustaqil Haydarobod sultonligiga aylandi
24 Arkot subasi Tamilnad/Arkot 1710 ?
  • Алаев, Л. Б. Средневековая Индия.
  • История Востока. Т. III. Восток на рубеже средневековья и нового времени. XVI-XVIII вв.
  • Советская историческая энциклопедия, том 9, страницы 542-543.
  • Советская историческая энциклопедия, том 13, стр. 905.
  1. Алаев, Л. Б. Средневековая Индия. — СПб: Алетея, 2003. С. 165.
  2. Алаев, Л. Б. Средневековая Индия. — СПб: Алетейя, 2003. С. 165-166.