Ruhlar isyoni
Muallif(lar) | Erkin Vohidov |
---|---|
Til | oʻzbekcha |
Janr(lar)i | doston |
Nashriyot | Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti |
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi | 1980 |
Sahifalar soni | 144 |
„Ruhlar isyoni“ — oʻzbek shoiri Erkin Vohidov bengal shoiri Nazrul Islom haqida yozgan doston. Doston bir necha rivoyatdan iborat boʻlib, ularda turli tarixiy va tarixiy boʻlmagan shaxslar haqida soʻz yuritiladi. „Ruhlar isyoni“ Vohidovning eng yaxshi tanilgan dostonlaridan biri boʻlib, adabiy tandiqchilar tomonidan yuqori baholanib keladi. Ibrohim Gʻofurov doston haqida „Menga u koʻp jihatlardan bugungi oʻzbek sheʼriy tafakkurining – lirik tafakkurining choʻqqisi boʻlib koʻrinadi“, deb yozgan[1].
Vohidov „Ruhlar isyoni“ dostonini 1978–1979-yillarda yozgan. Doston ilk bor „Sharq yulduzi“ jurnalida chop etilgan.[manba kerak] Kitob oʻlaroq birinchi marta 1980-yil Toshkent shahrida Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida chop etilgan[2].
Dostonni Aleksandr Faynberg rus tiliga tarjima qilgan. Ruscha nashr 1983-yil Moskva shahrida „Sovetskiy pisatel“ nashriyotida chop etilgan[3]. Doston keyinchalik Vohidovning bir necha sheʼriy toʻplamiga, jumladan, „Sharqiy qirgʻoq“ (1980), „Sadoqatnoma“ (1986), „V minutu pesni ne porvis, struna...“ (1986), „Sheʼr dunyosi“ (2001) hamda „Zamin sayyorasi“ (2014) toʻplamlariga kiritilgan. Bundan tashqari, dostondagi rivoyatlar „Qumursqalar jangi“ (1993) toʻplamidan ham oʻrin olgan.
Yozilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Vohidov dostonning 1979-yilning 20-martida Hindistonning Dehli shahrida yozib tugatgan. Shoir dostonning yaratilishi haqida shunday degan:
Doston oʻzining isyonkor sheʼrlari bilan butun Hindistonni erk uchun, ozodlik uchun kurashga ruhlantirgan otashin bengal shoirining orzu-armonlari, jasorati, fojiaviy qismati haqida. „Ruhlar isyoni“ garchi Nazrul Islom haqida boʻlsa-da, unda men shoir hayoti bahonasida oʻzimning umuman shoirlik, insonlik, fidoyilik, erkka tashna ijod ahlining zamonasi, xalqi bilan murakkab munosabati, qolaversa, inson hayotining maʼnosi, hayotning ham shafqatsiz, ham adolatli haqiqati haqidagi oʻy-mulohazalarimni kitobxon bilan baham koʻrishga intildim[4].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Vohidov, Erkin. Sharqiy qirgʻoq. Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1981 — 124-bet.
- ↑ „Ruhlar isyoni“ (ruscha). Rossiya davlat kutubxonasi. Qaraldi: 2017-yil 27-iyun.
- ↑ „Ruhlar isyoni“ (ruscha). Rossiya davlat kutubxonasi. Qaraldi: 2017-yil 28-iyun.
- ↑ Gʻulomova, Nazira. Ona tili va adabiyot. Toshkent: „Sharq“ nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, 2014.