Restless Valley
Muallif(lar) | Philip Shishkin |
---|---|
Til | inglizcha |
Janr(lar)i |
Siyosatshunoslik antropologiya |
Nashriyot | Yale University Press |
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi | 2013 |
Sahifalar soni | 316 |
ISBN | ISBN 978-0-300-18436-5 |
„Restless Valley: Revolution, Murder, and Intrigue in the Heart of Central Asia“ („Notinch vodiy: Oʻrta Osiyo markazida inqilob, qotillik va fitna“) — rossiyalik-amerikalik jurnalist Philip Shihkin qalamiga mansub kitob. 2013-yil AQShning New Haven va Buyuk Britaniyaning London shahrida Yale University Press nashriyotida chop etilgan. 2014-yil qayta nashr qilingan. Kitobda 20-asr oxiri — 21-asr boshida Oʻrta Osiyo, xususan, Qirgʻiziston, Tojikiston, Oʻzbekiston hamda Afgʻoniston davlatlaridagi siyosiy hayot hamda oddiy aholi turmush tarzi haqida soʻz yuritiladi.
Kitob tanqidchilar va oʻquvchilar tomonidan yaxshi kutib olindi. Robert Legvold Foreign Affairs jurnali uchun yozgan taqrizida kitobni yuqori baholadi: „[Shishkin] Qirgʻizistonning 2005-yilgi Lola inqilobi davomida Bishkek koʻchalarida hamda isyonchilar ijro etuvchi hokimiyat joylashgan Oq uyni talayotganida oʻsha yerda boʻlgan. 2005-yilgi aksilhukumat namoyishlar davomida oʻzbek qoʻshinlari Andijonda qilgan qirgʻinni koʻrish uchun politsiya toʻsiqlarini yashirin tarzda chetlab oʻtgan. Tuzumi oʻtmishdoshi korrupsiyasidan oʻzib ketgan prezident Qurmanbek Bakiyevni hokimiyatdan chetlatgan 2010-yilgi inqilob fonida mamlakatga qaytgan. Shuningdek, Shishkin koʻp oʻtmay Fargʻona vodiysida oʻzbeklar va qirgʻizlar oʻrtasida boshlanib ketgan mikro fuqaroviy urush davomida mintaqada qolgan. U Afgʻonistondan Oʻrta Osiyoga geroin tashiluvchi yoʻl boʻylab sayohat qilgan, qirgʻiz va oʻzbek rasmiylari xush koʻradigan qotillik, qiynoq va korrupsiyaning koʻplab qurbonlaridan intervyu olgan. Yoqimsiz, lekin jonli tasvir.“[1] Ammo muallif kitobda koʻrib chiqilgan davrning eng muhim hodisalaridan biri — Qirgʻiziston janubida oʻzbeklar va qirgʻizlar oʻrtasida sodir boʻlgan milliy nizoga faqat qisqacha toʻxtalib oʻtgani tanqidga uchradi.[2]
Boʻlimlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Boʻlim | Mazmuni | |
---|---|---|
1 | The Tulip Revolution (Lola inqilobi) | Birinchi boʻlimda 2005-yil 24-mart kungi „Lola inqilobi“ natijasida Qirgʻiziston prezidenti Asqar Aqayevning hokimiyatdan agʻdarilishi haqida soʻz yuritiladi. Shishkin poytaxt Bishkekda Aqayevning agʻdarilishini shaxsan kuzatgan sanoqli xorijlik muxbirlardan biri boʻlgan. Boʻlimda muallif Aqayev hokimiyati agʻdarilgan kun Qirgʻiziston prezidenti va parlamenti qarorgohi boʻlmish Oq uyda sodir boʻlgan hodisalar, undan keyingi kunlarda namoyishchilar poytaxt koʻchalarida qoʻl urgan talon-toroj haqida hikoya qilinadi. |
2 | On the Heroin Highway (Geroin katta yoʻlida) | Ikkinchi boʻlimda muallif Afgʻonistonda yetishtirilib, Oʻrta Osiyo, undan nari Rossiya va Yevropa bozorlariga yetib boruvchi geroin savdosi izidan qilgan sayohatlari haqida soʻz yuritadi. Xususan, mazkur boʻlimda Shishkin Afgʻoniston poytaxti Qobuldan Badaxshon viloyatiga qilgan sayohati va u yerda afyun hamda geroin yetishtiruvchilar hamda politsiya xodimlari bilan oʻtkazgan uchrashuvlari haqida hikoya qiladi. Shuningdek, boʻlimda Tojikiston va Qirgʻizistonda giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash hamda bangilarni davolash klinikalari, jumladan, „jodugar shifokor“ laqabini olgan Jenishbek Nazaraliyev va uning Bishkekdagi klinikasi haqida hikoya qilinadi. |
3 | The Anatomy of a Massacre (Qirgʻin anatomiyasi) | Uchinchi boʻlimda Andijon voqeasi hamda qirgʻin ortidan Qorasuv shahrida davlat ishchilari hamda politsiyaning qisqa muddatga quvib chiqarilgani haqida soʻz yuritiladi. Andijondagi qirgʻin ortidan Oʻzbekiston hukumati shaharga jurnalistlarni kiritmagan. Jumladan, muallif Shishkin ham avtomobil yoʻli orqali Toshkentdan Andijonga bora olmagan. Ammo pora evaziga davlat avialiniyasidan Andijonga chipta olib, shaharga borgan. Ushbu boʻlimda Shishkinning Andijonda 23 nafar tadbirkor va boshqa shaxsni ozod etish uchun turmaga qilingan hujum ortidan shaharning „Bobur“ maydonida qirgʻin qilingan shaxslarning oila aʼzolari bilan suhbatlari, halok boʻlganlarga ochilgan azalardagi ishtiroki hikoya qilingan. |
4 | The Dark Years in Kyrgyzstan (Qirgʻizstonda qora yillar) | Toʻrtinchi boʻlimda Qirgʻizistonda prezident Qurmanbek Bakiyev hokimiyatga kelganidan keyin sodir etilgan siyosiy qotilliklar va poraxoʻrlik haqida hikoya qilinadi. Xususan, boʻlimda sobiq hukumat apparati boshligʻi Medet Sadirqulov va jurnalist Gennadiy Pavlyuk qotilliklari tafsilotlari yoritilgan. Shuningdek, ushbu boʻlimdan prezident Bakiyevning oʻgʻli Maksim Bakiyev Qirgʻizistonda qurgan biznes imperiyasi tarixi oʻrin olgan. Muallif mazkur boʻlimda poytaxt Bishkek yaqinida faoliyat yuritgan AQSh harbiy havo bazasi hamda bazaga aloqador mojarolarga ham toʻxtalib oʻtgan. |
5 | The Land of Perpetual Revolution (Uzluksiz inqilob makoni) | Beshinchi boʻlim 2010-yilning aprelida Qirgʻizistonda prezident Qurmanbek Bakiyev hukumatining agʻdarilishiga bagʻishlagan. Xususan, mazkur boʻlimda 7-aprel kuni namoyishchilarning huquq-tartibot organlari tomonidan oʻqqa tutilgani, Bakiyevning avvaliga Jalolobod viloyatidagi qishlogʻiga, soʻngra Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko taklifi bilan Minskka qochib ketgani va inqilob ortidan poytaxt Bishkekda sodir boʻlgan talon-toroj haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, boʻlimda inqilob ortidan Roza Otunbayeva yetakchiligida hokimiyat tepasiga kelgan hukumat faoliyatiga ham toʻxtalib oʻtilgan. Nihoyat, mazkur boʻlimda Aprel inqilobi ortidan Bishkek yaqinidagi Mayevka qishlogʻida etnik qirgʻizlar toʻdasi mahalliy Mesxetin turklariga qilgan hujum haqida soʻz yuritiladi. |
6 | The Financier Vanisher (Moliyachining gʻoyib boʻlishi) | Oltinchi boʻlimda Qirgʻizistonda prezident Qurmanbek Bakiyev hukumatining agʻdarilishi ortidan uning oʻgʻli Maksim Bakiyevning biznes hamkori, moliyachi Eugene Gourevitchning Qirgʻiziston hududidan qochishi hamda unga sirtdan chiqarilgan hukmlar haqida soʻz yuritiladi. Shuningdek, mazkur boʻlimda Manas havo bazasida AQSh harbiy uchoqlarini yoqilgʻi bilan taʼminlagan va avvaliga prezident Asqar Aqayev, soʻngra prezident Bakiyev oilasiga aloqadorlikda gumonlangan Red Star va Mina shirkatlarining murakkab sxemalardan iborat faoliyati haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, boʻlimda AQSh Kongressi maxsus qoʻmitasi ushbu shirkatlar faoliyatini oʻrganish uchun oʻtkazgan tergovi hamda moʻmay daromad evaziga Rossiya Bishkekning yoqilgʻi fuqaroviy uchoqlar uchun ekanligi haqidagi uydirmasiga koʻz yumgani haqida soʻz yuritiladi. |
7 | Restless Valley (Notinch vodiy) | Yettinchi boʻlim 2010-yil Qirgʻiziston janubida sodir boʻlgan tartibsizliklarga bagʻishlangan. Xususan, unda Bozorqoʻrgʻon shahrida etnik qirgʻiz militsiya xodimining bir guruh oʻzbek tomonidan oʻldirilishi, uning qotilligini sodir etishga oʻzbeklarni gij-gijlashda ayblanib, bir umr qamoq jazosiga hukm qilingan inson huquqlari faoli va uzoq yillar davomida qirgʻiz militsiyasidagi poraxoʻrlik va qonunbuzarliklarni yoritib kelgan Azimjon Asqarov ishi atroflicha yoritilgan. Bundan tashqari, boʻlimda Oʻsh va Jalolobodda oʻzbeklar va qirgʻizlar oʻrtasidagi etnik nizo davomida sodir etilgan xunrezliklarga qisqacha toʻxtalib oʻtilgan. Shishkin mazkur boʻlimda oʻzbek tadbirkor Qodirjov Botirov, oʻldirilgan militsiya xodimi ota-onasi va hamkasblari, Azimjon Asqarov va muvaqqat hukumat prezidenti Roza Otunbayeva bilan oʻtkazgan suhbatlarini ham yoritgan. |
8 | Our Son of a Bitch? (Bizning itvachcha?) | Yakuniy boʻlim Oʻzbekiston prezidenti Islom Karimov hamda uning hukmronligi davrida chuqur ildiz otgan korrupsiya, zoʻravonlik hamda inson huquqlarining poymol qilinishiga bagʻishlangan. Boʻlim nomi AQSh yetakchilari Amerika manfaatlaridan kelib chiqib, xorijiy diktatorlarni qoʻllashda davom etgan holatlarda aytiladigan „U itvachcha boʻlishi mumkin, ammo u bizning itvachcha“ (inglizcha: He may be a son of a bitch, but he's our son of a bitch) jumlasidan olingan. Shishkin Andijon voqeasi ortidan bir necha yil oʻtib Gʻarb davlatlari, xususan, AQSh Afgʻonistondagi qoʻshinlarni kerakli materiallar bilan taʼminlashda Karimov hamkorligini izlab, u bilan aloqani tiklagani haqida soʻzlaydi. Shishkin prezident Karimov muayyan tuzumga bosh egmaganini aytib, u „hech kimning itvachchasi emas“, deb yozadi. Boʻlimda muallifning Oʻzbekistonda inson huquqlari faollari, yeri tortib olingan fermerlar, qamalgan shaxslar qarindoshlari va rasmiylar bilan oʻtkazgan uchrashuvlari yoritilgan. |
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Legvold, Robert (Sentabr, Oktabr 2013). "Restless Valley: Revolution, Murder, and Intrigue in the Heart of Central Asia by Philip Shishkin". Foreign Affairs 92 (5): 170–171.
- ↑ Canning, Emily „Tension or Tranquility: A Tale of Two Valleys“ (inglizcha). Ozodlik radiosi (10-mart). Qaraldi: 1- fevral, 2020.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Kitob taqrizi — Monica Whitlock (ingl.)
- Kitob taqrizi — Lewis Garland (ingl.)