Primitivizm
Primitivizm - XIX asr oxiri XX asr boshlarida yuzaga kelgan avangard sanʼat oqimi; badiiy vositalarni soddalashtirish va primitiv shakllar (ibtidoiy davr, madaniy jihatdan rivojlanmagan xalqlar sanʼati, xalq ijodi hamda bolalar rasmi)ga murojaat etuvchi yoʻnalish. Rassomlarning zamonaviy voqelikdan noroziligi natijasida hayotdan qochib sanʼatning ilk davrlariga qaytishi primitivizmning keng tarqalishini taʼminladi. Primitivizm hamma xalqlar sanʼatida mavjud. Primitivizm shuningdek, sanʼatga daxldor boʻlgan, biroq, professional taʼlim olmagan, xalq ichidan chiqqan havaskor rassomlarning uslubini ham ifodalaydi. Primitivizm yangi dunyo madaniyatidan holi boʻlgan, undan "sof" sanʼat sifatida targʻib qilindi. AQShda sodda portret va maishiy rasmlar, Rossiyada lubok shu yoʻnalishdagi asarlardir. Anri Russo (Fransiya), N. Pirosmanashvili (Gruziya), I. Generalich (Xorvatiya) va boshqalarning asarlari borliqni erkin, bolalarcha sodda idrok etishi bilan diqqatga sazovor. Primitivizm professional ijodkorlar (P. Gogen, N. S. Goncharova, M. F. Larionov va boshqalar) uslubiga ham taʼsir koʻrsatgan.
Oʻzbekistonda primitivizm XIX asr 2-yarmida mahalliy xalq sanʼati vakillari (Axmad Donish, Usta Shokirboy, S. Pochayev, N. Hafizov va boshqalar) ijodida aniq seziladi. XX asrning 70—80-yillaridan bu sanʼatga qiziqish ortdi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |