Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ponsan – Koguryoning oʻn toʻrtinchi qiroli (292-300). U qirol Sochxonning toʻngʻich oʻgʻli edi. Ponsan yoshligidan magʻrur, boshqalarga ishonmaydigan va hasadchi odam boʻlib oʻsdi. Taxtga oʻtirishi bilan „Angukgun“ unvonini olgan amakisi Go Dal-gani xiyonatda ayblab oʻldirdi. Shundan soʻng xalqning Ponsandan koʻngli qoldi. 293-yilning sakkizinchi oyida syanbey qabilasi Murong Xui boshchiligida Koguryoga hujum qildi. Ponsan Sinseong togʻiga qochib ketdi. Shimolda syanbeylarni sarkarda Go Na-ja besh yuz askari bilan toʻxtatib qoldi va magʻlub etdi. Qirol Ponsan Go Na-jani beshinchi darajali Daehyeong lavozimiga tayinladi va Gongnim hududini unga tortiq qildi. Keyingi oy qirol ukasi Go Dol-go oʻziga qarshi fitna uyushtirishidan qoʻrqib uni oʻdirtirib yubordi. Go Dol-goning oʻgʻli, boʻlgʻusi Koguryo qiroli Michxon qochib-qutuldi. 296-yilning sakkizinchi oyida Murong Xui yana bostirib keldi. Ammo yana magʻlubiyatga uchradi. Keyingi oyda kuchli sovuq va doʻl yogʻib ekinlarni yoʻq qildi. Qirol xalqining koʻplab shikoyatlariga qaramay oʻzi uchun saroy qurishni davom ettirdi. Ponsan vazirlarining maslahatiga quloq solmasdi. Shu sabab vazirlar qiroldan norozi edi. Koguryoda aholining mamlakatni tashlab ketish holatlari kuzatildi. Oxir-oqibat, qirolning vazirlari 300-yil sakkizinchi oyda davlat toʻntarishini amalga oshirdi. Ponsan va uning ikki oʻgʻli oʻz joniga qasd qildi. Qirol Ponsanvongda dafn qilindi. Vazirlar qochqinlikda yurgan shahzoda Michxonni taxtga chiqarishdi.