Kemerovo viloyati
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Kemerovo viloyati - Rossiya Federatsiyasidagi viloyat. 1943-yil 26-yanvarda tashkil etilgan. Maydon 95,5 ming km2. Aholisi 2987 ming kishi (2000), asosan, ruslar; shuningdek, ukrain, mordva, chuvash, gagar, shoriyaliklar ham yashaydi. Shaharliklar 87%. 19 tumanga boʻlingan, 19 shahar, 47 shaharcha bor. Markazi – Kemerovo shahri.
Kemerovo viloyatining aksari qismi sharqda Kuznetsk Olatovi, gʻarbda Salair qoyasi bilan oʻralgan Kuznetsk soyligi bilan band. Viloyat janubida Togʻli Shoriyaning oʻrtacha balandlikdagi togʻlari bor. Foydali qazilmalari: toshkoʻmir, temir rudasi, polimetall, alyuminiy rudalari, oltin, mineral qurilish materiallari. Iqlimi keskin kontinental. Qishi uzoq, sovuq, yozi qisqa, iliq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi –18°, iyulniki 18°. Yiliga tekislikda 300–500 mm, togʻ yon bagʻirlarida 900 mm yogʻin toʻshadi. Asosiy daryolari: Tom, Us a, Inya. Shimoliy qismida qoratuproq va kulrang tuproq, pastqamliklarda oʻtloqi tuproq, togʻli rayonlarda togʻ-oʻrmon, togʻ-oʻtloqi, togʻ-tundra tuproqlari tarqalgan. Kemerovo viloyati xoʻjaligida koʻmir sanoati, qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik, elektr energetikasi va kimyo sanoati yetakchi oʻrinda. Qora metallurgiyaning asosiy korxonalari – Kuznetsk metallurgiya kombinati, Gʻarbiy Sibir metallurgiya zavodi, Novokuznetsk ferroqotishmalar zavodi, Guryevsk metallurgiya va Kemerovo koks kimyosi zavodlari. Alyuminiy (Novokuznetsk), rux (Belovo), mineral oʻgʻitlar, kaprolaktam, sintetik smola, plastmassa, kon qazish jihozlari va elektr texnikasi uskunalari, sement, temir-beton konstruksiyalar, shifer, olovbardosh materiallar, shisha ishlab chiqariladi. Viloyat qishloq xoʻjaligi gʻalla (asosan, kuzgi bugʻdoy), kartoshka, sabzavot yetishtirishga, sut chorvachiligi, choʻchqachilik va parrandachilikka ixtisoslashgan. Togʻli qismida goʻsht chorvachiligi, asalarichilik va moʻynali hayvonlarni ovlash bilan shugʻullaniladi. Asosiy transport turi – temir yo'l transporti.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |