Kontent qismiga oʻtish

Faner

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Faner (frans. fournir – ustmaust qoʻymoq) – yupqa yogʻoch shponlar (qatlamlar)ni qatlam-qatlam qilib yopishtirib tayyorlangan qurilish materiali. Faner shponlari yogʻoch gʻoʻlalarni tarashlab yoʻnish, arralab tilish va sidirib shilish usullarida tayyorlanadi. Gʻoʻlani sidirib shilish usuli keng tarqalgan. Bu usulga koʻra, bugʻlangan yoki qaynatilgan gula maxsus stanok shpindellariga qistirib aylantiriladi. Gʻoʻla oʻqiga parallel oʻrnatilgan uzun tigʻ (pichoq) aylanayotgan gʻoʻlaga yaqinlashtirilsa, undan yupqa qatlam (shpon) shilinib ajralib chiqadi. Hosil boʻlgan qatlam boʻlaklab qirqiladi va quritiladi. Qurigan shponlar qatlam-qatlam qilib yelimlanadi. Faner qatlamlari qayin, qayragʻoch, qaragʻay, dub va boshqa daraxt gʻoʻlalaridan tayyorlanadi. Fanerning tunuka qoplangan, oʻtga va suvga chidamli xillari ham boʻladi. Ishlab chiqariladigan Fanerning standart qalinligi 1 – 19 mm, eni va boʻyi 725–2440 mm ni tashkil etadi. Faner qurilish, avtomobilsozlik, vagonsozlik, kemasozlik, samolyotsozlik, mebel sanoati, televizorlar ishlab chiqarish va boshqalarda qoʻllanadi (qarang Yogʻochsozlik sanoati).