Kontent qismiga oʻtish

Aktualizm

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Aktualizm (geologiyada), aktualistik metod (inglizcha, aktual — zamonaviy haqiqiy, amalda mavjud) — Yer taraqqiyotining tarixini oʻrganish uchun qo`llaniladigan qiyosiy-tarixiy metod. Aktualizm oʻtmishdagi geologik jarayonlar hamda ular natijasida roʻy bergan hodisalar hozirgi zamonda boʻlayotgan jarayon va hodisalarga oʻxshash degan fikrga asoslangan. Shunga asosan, hozirgi zamonda boʻlib turadigan geologik jarayonlar, muhitlar va ular natijasida kelib chiqqan hodisalarni (hozirgi zamon choʻkindilari, vulqon mahsulotlari, relef va hokazo) oʻtmishda paydo boʻlgan jinslarga, organik choʻkindilarga, relef shakllariga taqqoslash yoʻli bilan oʻtmish geologik davrlarda boʻlib oʻtgan geologik jarayonlar va tabiiy geografik sharoitlar taxminan aniqlanadi. Ammo Yer doim taraqqiy etib turganligidan oʻtmish geologik jarayonlarini hozirgi jarayonlar bilan taqqoslab boʻlmaydi. Baʼzi bir jarayonlar ayrim geologik davr uchungina xos. Shuning uchun Yerning oʻtmish tarixidagi geologik jarayonlarni hozirgi vaqtda kuzatilayotgan geologik jarayonlar bilan aynan taqqoslash unchalik toʻgʻri emas. Aktualizm termini nemis geologik adabiyotida XIX asr 2-yarmida paydo boʻlib, XX-asr 20-yillaridan ommalashdi. Aktualizm kurtaklari insonning dastlabki bilimlari vujudga kelgan davrda, eng qadimiy afsonalarda va yozma manbalarda uchraydi. Keyinroq geologik tarixni tushuntirishda aktualizmdan Ibn Sino, Beruniy, XVIII asr oʻrtalaridan Rossiyada M. V. Lomonosov, Buyuk Britaniyada J. Getton va boshqa foydalandilar. Aktualizmning birinchi shaklini hozirgi uniformizm deb ataydilar. Aktualizm ilmiy prinsip sifatida XIX-asr 1-yarmida ingliz olimi Ch. Layelning „Geologiya asoslari“ asarida olgʻa surilgan. U katta dalillarga asoslanib, Aktualizmni geologiyani oʻrganish usuli tariqasida tavsiya qildi. Layelning fikricha, oʻtmish geologik jarayonlar hozirgi zamon jarayonlaridan hech farq qilmaydi. Baʼzi bir xorijiy mamlakat geologlari hozir ham shunday fikrdalar. Uniformizmga hozirgi geologik dunyoqarash sifatida geologik tafakkurning bosib oʻtilgan davri deb qaraladi. Oʻzbekistonda yosh yotqiziqlarni oʻrganish asosida qadimiy davr choʻkindilarining hosil boʻlish sharoitlarini aniqlash sohasida koʻpgina ishlar qilingan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil