Abssess
Absses | |
---|---|
Klassifikatsiyasi va tashqi linklar | |
Ixtisos | Dermatologiya, general surgery[*], infectious diseases[*] |
MedlinePlus | 001353 |
MeSH | D000038 |
Abssess (Xoʻppoz, lotincha abscessus – yiring boylagan joy) – Chegaralangan yiringli boʻshliq abssess deyiladi. Abssess teri osti yogʻ kletchatkasida, mushaklarda, suyak va ichki aʼzolar (oʻpka, jigar, buyrak, bosh miya) da uchraydi[1].
Etiologiyasi va patogenezi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Odatda, kasallik qoʻzgʻatuvchilari – stafilokokklar yoki streptokokklar, baʼzan ichak tayoqchasi, saprofitlar yoki anaerob mikroorganizmlar hisoblanadi. Mikroblar toʻqimaga toʻgʻridan-toʻgʻri, limfogen yoki gematogen yoʻllar bilan (metastatik abssesslar), shuningdek, yalligʻlanishning qoʻshni toʻqimalarga tarqalishi bilan oʻtadi. Bunga oʻrta quloq yiringli yalligianganda miya abssessi paydo boʻlishini misol qilib keltirish mumkin. Kasallikning avj olishi uchun asosiy omillari gipovitaminozlar, moddalar almashinuvi kasalliklari, organizm rezistentligining (mikroblarga nisbatan tabiiy chidamlilikning) pasayib ketishi kabilar kiradi. Shuningdek, abssesslar yot jismlar atrofida „mudrab yotgan mikroblar“ deb ataluvchilarning faollashuvi natijasida ham paydo boʻladi.
Patologoanatomik manzarasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yiringli yalligʻlanish natijasida toʻqimalar yemiriladi. Bu esa oʻz navbatida, ichida yiring, yemirilgan toʻqimalarning elementlari, mikroblar va ularning toksinlari boʻlgan boʻshliq yuzaga keladi. Abssess atrofida biriktiruvchi toʻqimadan iborat tashqi qatlam va granulyatsion toʻqimadan iborat ichki qatlamdan tashkil topgan abssess kapsulasi yuzaga keladi (piogen membranasi). Ushbu kapsula yorilgan taqdirda yiring abssessidan tashqariga tushadi, bu esa turli asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Keyinchalik abssess boʻshligʻi granulyatsion toʻqima bilan toʻladi. Mayda abssesslar oʻz-oʻzidan soʻrilib ketishi mumkin.
Klinik manzarasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kasallik boshlangan davrda abssess sohasida toʻxtab-toʻxtab tutadigan ogʻriq paydo boʻladi. Keyin asta-sekin shish va qizarish ortib, tungi ogʻriq yuzaga keladi. Madda yigʻilishiga qarab, flyuktuatsiya aniqlanadi, bu muhim simptomdir. Agar abssess chuqur joylashgan boʻlsa, flyuktuatsiyani aniqlash mushkul. Bunday hollarda ultratovush, kompyuter tomografiyasini qoʻllash bilan sinov punksiyasi yordamida diagnoz qoʻyish mumkin boʻladi. Abssessning keyinchalik avj olishida bemorning umumiy ahvoli sezilarli ravishda ogʻirlashadi. Harorat 39 °C gacha koʻtariladi (bemorning ertalab ahvoli yaxshilanib turganida). Leykotsitoz 15-20x10 litr ga yetadi, formulaning chapga siljigani maʼlum boʻladi, ECHT koʻtariladi. Ichki organlarda (jigarda, oʻpkada) yoki yirik qon tomirlari bilan yonma-yon joylashgan boʻlsa, abssess ayniqsa xatarlidir. Ular qorin yoki koʻkrak boʻshligʻini teshib oʻtgan hollarda yiringli peritonit yoki plevrit yuz beradi. Jarayon vena devoriga oʻtgudek boʻlsa, u holda progressiv tromboflebit avj oladi.
Differensial diagnozi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abssessni flegmonadan, gidradenitdan, gematomadan, churra tushishidan, anevrizmadan, xavfli oʻsmadan, shuningdek, sovuq abssess deb ataluvchidan farqlay bilish kerak. Sovuq abssess suyaklar va boʻgʻimlar sil bilan zararlangan hollarda paydo boʻladi. Sovuq abssessda flyuktuatsiya boʻladi, ammo oʻtkir yiringli yalligʻlanishning hamma belgilari sezilmaydi.
Davosi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Dastlabki davolash davrida abssessni chegaralash maqsadida issiq muolajalar (isituvchi kompresslar, grelka, sollyuks, UVCH) va tinchlik rejimi qoʻllanadi. Flyuktuatsiya aniqlangan hollarda esa jarrohlik yoʻli bilan davolash-abssessni kesish zarur. Operatsiyani mahalliy ogʻriqsizlantiradigan yoki venaga yuboriladigan narkoz ostida amalga oshirish mumkin. Abssess boʻshligʻiga drenaj yaxshilab qoʻyilishi uchun kesish yetarli darajada keng boʻlishi lozim. Drenaj uchun dokadan qilingan tamponlardan, turli oʻlchovlardagi polexlorvenil naychalaridan yoki rezina qoʻlqop drenajlaridan foydalaniladi. Shuni unutmaslik kerakki, qon va yiringni oʻziga singdirib olgan tamponlar xuddi tiqin kabi jarohatdan oqib chiqayotgan suyuqlik uchun oʻtib boʻlmas bir toʻsiqqa aylanadi. Shuning uchun ular har kuni, baʼzida 12 soatda 2 marta almashtirilmogʻi lozim. Tamponlar va drenajlar jarohatda to undan yiring butunlay ajralib chiqmaguncha turadi. Mahajliy joyga proteolitik fermentlar yuboriladi. Yigʻilgan yiringni chegaralashda punksion usulidan foydalanish mumkin: punksiya vaqtida yiring soʻrib olingandan soʻng, abssess boʻshligʻi antiseptik suyuqliklar bilan yuviladi, keyin unga antibiotiklar va proteolitik fermentlar yuboriladi, shunday qilib, yiring boʻshligʻi aktiv asperatsiyasi yoʻlga qoʻyiladi. Ayni paytda sifatli taomlar tayinlanadi. Vitaminoterapiya oʻtkaziladi, eritrotsitlar, qon oʻrnini bosuvchi preparatlar qoʻyiladi. Antibiotiklar va sulfanilamidlar yuboriladi[2].