Razzoqov

Qirg'izistonning Botken viloyatidagi shahar (2022-yilgacha Isfana deb atalgan
(Isfanadan yoʻnaltirildi)

Razzoqov (qirgʻizcha: Раззаков), eski nomi Isfana (qirgʻizcha: Исфана) — Qirgʻizistonning Botken viloyati gʻarbiy chekkasida joylashgan shahar. Razzoqov Fargʻona vodiysining gʻarbiy chekkasida, uch tomondan Tojikiston bilan chegaradosh hududda joylashgan.

Isfana / Razzoqov
shahar
Isfananing shimoli-gʻarbiy chekkasidagi belgi
Isfananing shimoli-gʻarbiy chekkasidagi belgi
39°50′0″N 69°32′0″E / 39.83333°N 69.53333°E / 39.83333; 69.53333
Mamlakat Qirgʻiziston
viloyat Botken viloyati
Tuman Laylak tumani
Hukumat
 • mer Chingiz Risov
Asos solingan IX
Qachondan beri shahar 2001
Maydon 41.35 km2 (15.97 kv mi)
Markazi balandligi 1320 m
Rasmiy til(lar)i Qirgʻiz tili
Aholisi
 (2021)
34 219[1]
Zichligi 830 kishi/km2
Milliy tarkib oʻzbeklar, qirgʻizlar, ruslar, tatarlar, tojiklar
Konfessiyaviy tarkib Musulmonlar
xristianlar
ateistlar
Vaqt mintaqasi UTC+6
Telefon kodi +996 3656
Pochta indeks(lar)i 720400[2]
Isfana / Razzoqov xaritada
Isfana / Razzoqov
Isfana / Razzoqov

Razzoqovda 9-asrdan beri odamlar yashab keladi. Shaharda sovet davrida katta oʻzgarishlar sodir boʻlgan. 1937-yil Isfana qishloq kengashiga asos solingan. 1996-yil kengash qishloq boshqarmasi qilib oʻzgartirilgan. 2001-yil oʻsha paytdagi prezident Asqar Akayevning buyrugʻi bilan Isfanaga shahar maqomi berilgan.

Razzoqov Laylak tumanining administrativ markazidir. Mirzapochcha, Samat, Chimgen, Oqbuloq, Taylon va Gʻoʻlva qishloqlari ham Isfana shahar boshqarmasiga qaraydi.[3] Qirgʻiz Respublikasi Statistika qoʻmitasi maʼlumotga koʻra, Razzoqov va unga qarashli qishloqlarning umumiy aholisi 34 219 kishidir. Shaharning oʻzida esa taxminan 23 038 kishi istiqomat qiladi.[1]

Shahar nomi

tahrir
Shahar belgilari
Isfana 2022-yilda qayta nomlanishiga qadar shaharning shimoli-gʻarbiy qismida boʻlgan belgi.
Isfananing sharqiy qismida oʻrnatilgan yangi belgi. Isʼhoq Razzoqov haykali shahar markazidan koʻchirib olib kelingan.

„Isfana“ soʻzi „asbanikat“, „asbanikent“ yoki „aspanakent“ degan qadimiy sugʻd soʻzdan kelib chiqqan boʻlib, „otlar makoni“ degan maʼnoni anglatadi, deb ishoniladi.[4][5] Tarixchi Noʻmon Negmatovga koʻra, 1–9-asrlarda Isfana Asbanikat oʻlaroq maʼlum boʻlgan. 10–12-asrlarda Aspanikent deb atalgan.[6] 12-yoki 13-asrdan boshlab shahar nomi Asbani, Aspana, Asvona, Isvona, nihoyat, Isfana boʻlib oʻzgargan.[4]

„Isfana“ soʻzi qirgʻizcha soʻz boʻlmagani uchun qirgʻiz millatchilari yillar davomida shaharni Qirgʻiziston SSR Kommunist partiyasining birinchi kotibi boʻlib ishlagan Isʼhoq Razzoqov nomi bilan qayta nomlashga chaqirishdi.[7][8][9] 2021-yilning dekabrida, qoʻshni Tojikiston bilan chegarada vaziyat tang boʻlib qolayotgan paytda[9] prezident Sadir Japarov shaharni Razzoqov nomiga qayta nomlashga qaror qilganini maʼlum qildi.[10][11] Keyinchalik Japarov „Botken viloyati Laylak tumani Isfana shahrini Razzoqov shahri deb qayta nomlash toʻgʻrisida“gi qonunni imzoladi, 2022-yilning 16-martida qonunni Jogorku Kengesh qabul qildi.[12]

Tarixi

tahrir

Qadimgi tarixi

tahrir
 
Isfana (Asbanakent) qalʼasining rassom chizgan sxemasi (12-asr)

Isfana tarixi 9–16-asrlarga borib taqaladi.[13][14] 1957-yil arxeolog Yu. A. Zadneprovskiy shahar hududida 14–16-asrlardan qolgan jismlarni topdi.[13] Noʻmon Negmatov Isfana oʻrta asrlardagi Asbanikat shahridir, degan fikrni ilgari surgan.[13] Isfana dastlab Ustrushona tarkibida boʻlgan. Keyini uni somoniylar zabt etgan. 1221-yilda Isfanani Moʻgʻullar davlati qamalga olgan va zabt etgan. Razzoqovning moʻgʻullar bostirib kirgan shimoli-gʻarbiy qismi hozirgi kungacha „Moʻgʻul bosgan“ deb ataladi.[15]

Isfana tarixiy shahri hozirgi Razzoqov shaharning markaziy qismida joylashgan boʻlgan. Isfanada 12-asrda qurilgan yirik qalʼa boʻlgan.[4] Isfana qalʼasi devorlarining saqlanib qolgan soʻnggi qismi 1970-yillarda buzib tashlangan.[16]

18–19-asrlar

tahrir

Tarixda Razzoqov hozirgi Oʻzbekiston hududiga mos keluvchi yerlarni boshqargan davlatlar tarkibida boʻlgan. 1709-yildan 1876-yilgacha Isfana Qoʻqon xonligi tarkibida boʻlgan. 19-asrning oʻrtasiga kelib Rossiya imperiyasi hozirgi Markaziy Osiyo hududini bosib ola boshlagan. 19-asrning oxiriga kelib Rossiya imperiyasi hozirgi Oʻzbekiston hududiga toʻgʻri keluvchi yerda hukm surgan barcha uch xonlikni qoʻlga kiritgan.[17] Xiva xonligi 1873-yil magʻlub boʻlgan. Buxoro xonligi 1866-yil bosib olingan. Qoʻqon xonligi esa 1876-yil Rossiya imperiyasi tarkibiga rasman qoʻshib olingan.

Rossiyalik lingvist Mirsolih Bekchurin 1866-yilda Isfanada 500 xoʻjalik boʻlgani haqida yozgan.[18] Ammo oʻzbek tarixchisi Temirboy Yoqubov isfanaliklar qadimdan 1 000 xonadon soligʻini toʻlaganini aytib, bu iddaoga eʼtiroz bildirgan.[19] Bekchurin Isfanani 200 nafar sarbozdan iborat garnizon qoʻriqlashi, ular „faqat nayza va qilichlar bilan qurollangani“ haqida yozgan.[18]

Sovet va zamonaviy tarixi

tahrir

Ruslar Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasini avtonom oblastlarga parchalayotganda Isfanani Qora-Qirgʻiz avtonom oblasti tarkibiga kiritgan. Bu oblast keyinchalik Qirgʻiz avtonom oblasti va soʻngra Qirgʻiz SSR etib qayta tuzilgan. SSRI parchalanganidan keyin Qirgʻiz SSR Qirgʻiziston boʻldi. Shu asnoda asosan oʻzbeklar yashagan Isfana Qirgʻiziston tarkibiga qoldi.

 
Isfana bozori 1990-yilda

Baʼzi manbalarga koʻra, sovetlar atayin chegaralarni milliy guruhlarning tarixiy yashash joyiga mos kelmaydigan qilib chizishgan. Bunday qilishdan maqsad ushbu hududlarning tarixiy egalarini butunlay Moskvaga tobe boʻlishlarini taʼminlash va shu yoʻl bilan ularni boshqarishni osonlashtirish boʻlgan.[20] Bu manbalarga koʻra, alohida mamlakatlar yaratishdan maqsad Oʻrta Osiyoda panturkistik va panislomistik oqimlarning oldini olish boʻlgan.[21] Bu strategiyani baʼzilar Iosif Stalinning „boʻl va boshqar“ siyosati deb nomlaydi.[20][21] Hozirda Qirgʻizistonda mahalliy aholisi asosan oʻzbeklardan iborat boʻlgan koʻplab aholi punktlari bor — Oʻzbekistonda esa qirgʻizlar yashab kelgan aholi punktlari bor. Markaziy Osiyoda yashayotgan koʻpchilik aholi aslida boshqa mamlakat tarkibida boʻlishlari kerakligiga ishonishadi.[20] Ayrim olimlarning fikriga koʻra, sovetlar Markaziy Osiyo mamlakatlari chegaralarini belgilayotgan paytda bu yerlarda koʻp millat vakillari birga yashagani uchun milliy va hududiy chegaralarini aniq belgilashning iloji boʻlmagan.[22]

Sovet davrida Razzoqovda katta oʻzgarishlar sodir boʻlgan. Bu davrda Isfana rivojlanmagan musulmon qishloqdan tipik sovet qishlogʻiga aylantirilgan. 1937-yil Isfana qishloq kengashiga (selsovetiga) asos solingan. Ikkinchi jahon urushi yillarida qishloqning 571 turgʻuni safarbar qilingan, ularning 385 nafari halok boʻlgan.[23]

1996-yil Isfana kengashi qishloq boshqarmasiga oʻzgartirilgan. 2001-yil oʻsha paytdagi prezident Asqar Aqayevning buyrugʻi bilan Isfanaga shahar maqomi berilgan.

Geografiyasi

tahrir

Razzoqov Botken Viloyatining gʻarbiy qismida, dengiz sathidan 1 320 metr balandlikda joylashgan. Shaharni uch tomondan togʻlar oʻrab turadi. Bu togʻlar Razzoqovdan bir necha kilometr masofada joylashgan. Bu togʻlar ichida eng balandlari Turkiston tizmasi togʻlari boʻlib, ular shaharning janubiy tarafida joylashgan. Turkiston tizmasi Hisor-Olay togʻ tizimiga kiradi.

Hududi

tahrir
 
Razzoqov janubidagi Turkiston tizmasi togʻlari

Razzoqovning hududi 41.35 km² ni tashkil qiladi.

Aholi punkti Hudud (km²)
Razzoqov 2.52
Mirzapochcha 0.26
Samat 1.16
Chimgen 0.87
Taylon 0.49
Oqbuloq 0.3
Gʻoʻlva 0.28

Iqlimi

tahrir

Razzoqovning iqlimi keskin kontinental boʻlib, qishda havo ancha sovuq, yozda esa ancha issiqdir. Bahor va kuzda koʻp yomgʻir yogʻadi, ammo yozda yogʻingarchilik koʻp boʻlmaydi.

Razzoqovda koʻplab bugʻdoy va arpa dalalari mavjud boʻlib, ular uchun qishda yoqqan qor va bahorda yoqqan yomgʻir juda muhim. Razzoqovda yoz uzun boʻlib, odatda maydan sentabrgacha davom etadi. Yoz oylarida havo keskin isishi mumkin. Shaharda yoz oylarida juda oz yogʻingarchilik kuzatiladi, ayniqsa iyundan sentabrgacha.

Isfana iqlimi
Koʻrsatkich Yan Fev Mart Apr May Iyun Iyul Avg Sen Okt Noy Dek Yil
Oʻrtacha maksimal, °C 4 5 9 17 22 27 29 27 25 17 11 7 16,7
Oʻrtacha minimal, °C −4 −3 2 8 11 15 17 16 11 6 2 −2 6,6
Yogʻingarchilik meʼyori, mm 24 27 51 45 30 9 3 0 6 18 21 27 261
Manba: [24]

Demografiyasi

tahrir
 
Bir guruh razzoqovlik xorijlik sayyohlar bilan

Razzoqov va unga qarashli qishloqlarning umumiy aholisi 34 219 kishidir. Shaharning oʻzida boʻlsa taxminan 23 038 kishi istiqomat qiladi.[1]

2009-yilgi aholi sanogʻiga koʻra, shaharning aholisi oʻsha yili 18 244 kishi, Razzoqov va unga qarashli qishloqlarning umumiy aholisi esa 27 965 kishi boʻlgan.[25] 1999-yilgi sanoqqa koʻra, oʻsha paytda qishloq boʻlgan Isfananing aholisi 15 910 kishidan iborat boʻlgan.[25] 2009-yilgi aholi sanogʻiga koʻra Isfana va unga qarashli qishloqlarning aholisi quyidagichadir:[25]

Aholi punkti Aholi soni
Razzoqov 18 244
Mirzapochcha 770
Samat 2 076
Chimgen 3 325
Taylon 1 360
Oqbuloq 681
Gʻoʻlva 1 506
Aholining oʻsishi
YilAholi±%
19799 629��    
198913 193+37.0%
199915 910+20.6%
200918 244+14.7%
202123 038+26.3%
[25][26][1]

Razzoqov aholisining aksar qismi Rossiyada muhojir ishchidir. Chetda ishlayotgan razzovoqvliklar soni haqida rasmiy maʼlumot yoʻq.

Razzoqovda koʻp millat vakillari yashaydi. Oʻzbeklar eng katta etnik guruhdir. Ammo Razzoqov va unga qarashli qishloqlar aholisi birga qaralsa, qirgʻizlar eng katta guruhdir. 2005-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Razzoqov va unga qarashli qishloqlarda aholining etnik tarkibi quyidagichadir: 50.2 % qirgʻiz, 45.86 % oʻzbek, 0.3 % tatar, 0.3 % tojik va qolgani boshqa millat vakillari.[14]

Shahar aholisining asosiy qismi Islom diniga eʼtiqod qiladi. Dindorlar islom dinining sunna mazhabida. Shaharda yetti masjid bor. Boshqa din vakillarining katta guruhlari mavjud emas.

Iqtisodi

tahrir
 
Razzoqovning asosiy bozori

Sovet davrida Razzoqovda bir necha ishlab chiqarish fabrikalari va zavodlar boʻlgan. Shuningdek, yirik kolxoz mavjud boʻlgan. 1991-yil Qirgʻiziston mustaqil boʻlganidan keyin deyarli barcha zavod-fabrikalar yopildi.

Shahar aholisining aksar qismi chetga ishlagani boradi. Eng koʻp Rossiyaga boriladi. Bundan tashqari, Razzoqov aholisi qoʻshni Qozogʻiston, Tojikiston, Oʻzbekistonga ham borib ishlaydi. Chetda ishlaganlarning aniq soni haqida toʻliq va ishonarli maʼlumot yoʻq.

Razzoqovda qoladigan aholi esa asosan savdogarchilik va qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanadi. Chorvachilik ham keng tarqalgan. Dehqonchilik bilan shugʻullanuvchilar asosan donli oʻsimliklar, mevalar, sabzavotlar va moy chiqaruvchi oʻsimliklar yetishtiradi.

Razzoqovda ikki yirik bozor mavjud. Bozorda ishlovchilar mollarni asosan Oʻsh, Qorasuv va Xoʻjanddan olib kelishadi.

Razzoqov iqtisodi boshqa Qirgʻiziston shaharchalari iqtisodi kabi doʻkon iqtisodidir. Savdoning katta qismi shahar boʻylab joylashgan bozor va doʻkonlarda amalga oshadi. Savdo odatda yaqindan nazorat qilinmaydi.

Hukumati

tahrir

Razzoqovda mer va shahar kengashi shaharni boshqaradi. Merni Shahar kengashi aʼzolari saylashadi. Shahar kengashida 30 aʼzo bor. Mirzapochcha, Samat, Chimgen, Oqbuloq, Taylon va Gʻoʻlva qishloqlari ham Razzoqov shahar boshqarmasiga qaraydi. Razzovoqning hozirgi meri Chingiz Risovdir.[27]

 
Razzoqov meriyasi binosi
Isfana merlari roʻyxati
Mer Faoliyati boshlanishi Faoliyati yakuni
1 Saliha Muratova 02.02.2001 10.04.2001
2 Umarali Isabekov 12.04.2001 18.12.2005
3 Maʼrifjon Moʻminov 20.12.2005 09.02.2009
4 Isak Pazilov 10.03.2009 16.07.2010
5 Berdimurat Jalilov 16.07.2010 27.08.2011
6 Hamza Salyamov 27.08.2011 31.01.2013
7 Tashpolot Qozubayev 31.01.2013 16.12.2014
8 Muxtar Anarbotoyev 15.01.2015 24.08.2018
9 Abdivali Xamrayev 18.09.2018 07.06.2021
10 Chingiz Risov 07.06.2021 Hozirgacha

Razzoqov Laylak tumanining maʼmuriy markazidir. Laylak tumanining barcha mahkamalari Razzovoqda joylashgan.

Boshqa millat vakillarining yirik guruhlari mavjud boʻlgan boshqa Qirgʻiziston aholi punktlaridagidek Laylak tumanida ham deyarli barcha davlat ishlarida qirgʻiz millatiga mansub shaxslar ishlaydi.[28][29] Qirgʻiziston mustaqil boʻlganidan beri Laylak tumanining barcha hokimlari qirgʻiz boʻlib kelmoqda. Hozirda Razzoqov meriyasida va Kengashida oz sonli oʻzbek ishchi bor.

Taʼlimi

tahrir

Maktablar

tahrir
 
Razzoqovdagi ikki gimnaziyadan biri boʻlmish Oʻzbek gimnaziyasi binosi

Razzoqovda bir necha taʼlim muassasasi bor. Shaharda ikkita gimnaziya bor: Usmon Matkarimov nomli gimnaziya-oʻrta maktab (qisqacha Oʻzbek gimnaziyasi deb ataladi) va 1-son gimnaziya (qisqacha Qirgʻiz gimnaziyasi deb ataladi). Bu ikki gimnaziya oʻqishga layoqati yuqori boʻlgan oʻquvchilarni qabul qiladi. Shuningdek, shaharda kam taʼminlangan oilalarda ulgʻayayotgan bolalar uchun moʻljallangan maktab-internat„Oq chiyir“ bolalar taʼlim markazi bor.

Shaharda oltita oʻrta maktab mavjud. Bu maktablarning aksarida oʻquvchilar oʻzbek tilida taʼlim oladi. Baʼzi maktablarda ham oʻzbek, ham qirgʻiz sinflar bor. Shahardagi eng katta oʻrta maktablar Alisher Navoiy, „Isfana“ va Yuriy Gagarin oʻrta maktablaridir. Alisher Navoiy nomli oʻrta maktabda darslar oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida olib boriladi. Gagarin maktabida darslar asosan rus tilida oʻtiladi. Ushbu maktabda qirgʻiz sinflar ham bor. „Isfana“ oʻrta maktabida darslar faqat oʻzbek tilida olib boriladi. Amir Temur va Toʻqtogʻul oʻrta maktablarida ham faqat oʻzbek sinflar mavjud. „Issiqkoʻl“ oʻrta maktabi Isfanadagi eng kichik maktab boʻlib, u yerda darslar oʻzbek va qirgʻiz tillarida olib boriladi.

Bu maktablarning barchasida ingliz tili chet tili sifatida oʻqitiladi. Ammo ingliz tili oʻqitish darajasining sifati yuqori emas. Oʻquvchilar, shuningdek, qirgʻiz va rus tillarini oʻrganishadi. Bu ikki til Qirgʻizistonda rasmiy tildir. Umuman olganda, Isfanada oʻzbek sinflardagi oʻquvchilar toʻrt, qirgʻiz sinflardagi oʻquvchilar uch tilni oʻrganishadi (oʻzbek tili bilan).

Kollej va litseylar

tahrir

Razzoqovda Menejment, qonun, moliya va biznes xalqaro akademiyasining (ruscha: Международная Академия управления, права, финансов и бизнеса) filiali bor. Bu akademiyaning asosiy binosi Bishkekda joylashgan. Shaharda, shuningdek, 48-son kasb-hunar litseyi joylashgan. Litsey tikuvchilarni, duradgorlarni, elektr toki ishchilarini va haydovchilarni tayyorlaydi.

Madaniyati

tahrir
 
Oʻzbek gimnaziyasi hovlisida Usmon Matkarimovning busti

Razzoqovda ikki kutubxona bor: umumiy kutubxona va bollar kutubxonasi. Bu kutubxonalarning ikkisi ham ommaviy kutubxonadir. Umumiy kutubxona shahar madaniyat uyi binosida joylashgan. Umumiy kutubxonada 42 515 ta, bollar kutubxonasida esa 27 206 ta nusxa bor.[14]

Shaharda uch muzey bor: Tarix muzeyi (1986-yil ochilgan), Isʼhoq Razzoqov muzeyi (1990-yil ochilgan) va Shon-shuhrat muzeyi (1990-yil ochilgan). Shaharda bollar musiqa maktabi ham bor. U yerda oʻquvchilar qoʻshiq kuylashni, raqsga tushishni va akkordeon, qoʻmuz va pianino kabi musiqa asboblarini chalishni oʻrganishadi. Maktabda 2014-yilgacha doira, dutor va rubob darslari ham boʻlgan. Shaharda, shuningdek, bolalar hunar oʻrganish markazi mavjud. U yerda rassomlik, raqs, haykaltaroshlik, toʻquvchilik, komputer va chet tillari boʻyicha toʻgaraklar uyushtiriladi.

Razzoqovda faqat bitta park — Samat Sodiqov parki mavjud. Park markazidan futbol stadioni joy olgan. 5 000 gacha odam sigʻadigan stadionda koʻp tadbirlar oʻtkaziladi. Razzoqovdagi asosiy kinoteatr 1990-yillar boshida Qirgʻiziston mustaqil boʻlganidan beri ishlamaydi.

Razzoqovda oʻzbek milliy-madaniy markazi mavjud.[14] Ammo bu markazning faoliyati 2010-yil Qirgʻiziston janubida oʻzbeklar va qirgʻizlar toʻqnashgan milliy nizodan keyin cheklandi. 10-iyundan 14-iyungacha davom etgan bu toʻqnashuvlar paytida Isfanada vaziyat tang boʻlib qoldi, ammo ikki millat vakillari orasida qonli toʻqnashuvlar yuz bermadi.[30]

Isfana musiqada

tahrir
  • Uzukjamol Tursunboyeva ijrosidagi „Isfanam“ qoʻshigʻi
  • Guljigit Satibekov ijrosidagi „Isfana“ qoʻshigʻi
  • Baxtiyor Mullayev ijrosidagi „Isfana“ qoʻshigʻi

Transporti

tahrir

Razzoqov butunlay quruqlikda joylashgan. Eng yaqin temir yoʻl stansiyasi 45 km masofada Tojikistonning Proletarsk shaharchasida joylashgan. Razzoqov va Botken Viloyati markazi Botken shahri orasidagi masofa 150 km dir. Koʻmir qazib olinadigan Sulukta shahri Razzoqovdan 16 km masofada joylashgan.

Razzoqovda jamoat transporti yaxshi rivojlanmagan. Shahar boʻylab marshrutkalar yuradi. Asosiy yoʻllar boʻylab xususiy taksichilar turadi. Shaharda faqat bitta avtobus stansiyasi bor. Stansiyadan Qirgʻizistonning boshqa shahar-qishloqlariga avtobuslar, mikroavtobuslar va taksilar qatnaydi.

Razzoqov yoʻllarning juda oz qismi asfalt bilan qoplangan. Yoʻllar yaxshi taʼmirlanmaydi va katta remontga muhtoj. Razzoqovni boshqa Qirgʻiziston aholi punktlari bilan katta yoʻllar bogʻlab turadi. Razzoqov bilan Botken va Oʻsh shaharlarini bogʻlab turuvchi yoʻl Qirgʻiziston mustaqil boʻlganidan keyin uzoq yillar mobaynida yaxshi taʼmirlanmagan. Mamlakat bu yoʻlni qayta taʼmirlash uchun Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Osiyo taraqqiyot bankidan mablagʻ oldi.[31] Razzoqovdan Bishkekkacha boʻlgan masofa 960 km ni tashkil qiladi. Mashinada poytaxtga 20 soat atrofida yetish mumkin.

 
Isfana aeroportida Sky Bishkek havo yoʻllariga qarashli Saab 340A samolyoti

Shaharda Sovet davrida qurilgan aeroport bor. Hozirgi kunda shahardan faqat poytaxt Bishkekka reyslar bor. Isfana aeroporti oʻz ishini 1940-yillarda Razzoqov yaqinida qoʻnish liniyasi sifatida boshlagan. Sulukta shahri uchun xizmat koʻrsatgan Qalʼacha aeroporti yopilganidan soʻng Isfana aeroporti Sulukta aholisi uchun ham xizmat koʻrsata boshlagan. Hozirgi trassa va terminal 1974-yil qurib bitirilgan. 1980-yillar oxirida Isfana aeroporti texnik muammolar sabab oʻz ishini toʻxtatdi. Aeroport 20 yilcha yopiq turdi. 2007-yil terminal binosi va uchish yoʻli taʼmirlanib, aeroport qaytadan ochildi.[32]

Isfana aeroporti 3C sinfidagi hududiy aeroportdir. Trassa 22 tonna yuk koʻtara oladi va aeroportda asboblar yordamida qoʻnish mumkin emas. Aeroport faqat kunduzi faoliyat yuritadi. Isfana aeroporti Tojikiston chegarasiga yaqin boʻlsa ham, unda chegara nazorati yoʻq va shuning uchun aeroportdan faqat mamlakat ichidagi punktlarga reyslar bor.

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 „Численность населения районов, городов, поселков городского типа, айылных аймаков и сел Баткенской области“ (ruscha). Qirgʻiz Respublikasi Statistika qoʻmitasi. 2021-yil 10-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 21-mart.
  2. „Isfana“ (ruscha). SPR. 2016-yil 9-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 1-may. (Wayback Machine saytida 9-iyun 2016-yil sanasida arxivlangan)
  3. „Государственный классификатор - Система обозначений объектов административно-территориальных и территориальных единиц Кыргызской республики“ (ruscha) 40–42. Qirgʻiz Respublikasi Statistika qoʻmitasi (2021).
  4. 4,0 4,1 4,2 Yoqubov 2001, s. 9.
  5. „Интересные факты о городе Исфана“ [Isfana shahri haqida qiziqarli maʼlumotlar] (ruscha). Limon (2015-yil 23-yanvar). Qaraldi: 2019-yil 18-sentyabr.
  6. Yoqubov 2001, s. 20.
  7. 2015-yil Isʼhoq Razzoqov yili boʻladi (qirgʻizcha). Ata Jurt (2014-yil 13-dekabr), s. 2.
  8. Isfanaga Isʼhoq Razzoqov nomini berish kerak (qirgʻizcha). SuLey Info (2014-yil 13-dekabr), s. 2.
  9. 9,0 9,1 Леонард, Питер; Леонард, Питер. „Kyrgyzstan: Town near Tajik border renamed in nationalist gesture“ (inglizcha). Eurasianet (2021-yil 30-dekabr). Qaraldi: 2022-yil 21-mart.
  10. „Город Исфана будет переименован в город Раззаков, - президент“ (ruscha). AKIpress (2021-yil 25-dekabr). Qaraldi: 2021-yil 25-dekabr.
  11. Kudayarov, Borubek. „Садыр Жапаров решил переименовать Исфану в Раззаков“ (ruscha). Kaktusmedia (2021-yil 25-dekabr). Qaraldi: 2021-yil 25-dekabr.
  12. Маслова, Дина. „Город Исфана в Баткенской области переименован в Раззаков“ (ruscha). Kaktus (18-mart 2022-yil). Qaraldi: 21-mart 2022-yil.
  13. 13,0 13,1 13,2 B. Oruzbayeva, ed (1987). "Исфана" (ruscha). Oʻsh viloyati: Ensiklopediya. Frunze: Qirgʻiz sovet ensiklopediyasi bosh tahririyati. p. 247. 
  14. 14,0 14,1 14,2 14,3 „Isfana: City Profile“ (inglizcha). Qirgʻiz Respublikasi shaharlari birlashmasi. 24-oktabr 2014-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 28-aprel. (Wayback Machine saytida 24-oktabr 2014-yil sanasida arxivlangan)
  15. Yoqubov 2001, s. 14.
  16. Yoqubov 2001, s. 10.
  17. Fierman, William (2009). "Uzbekistan" (inglizcha). Microsoft Student. Redmond, WA: Microsoft Corporation. 
  18. 18,0 18,1 Mir-Solih Bekchurin. Записки Оренбургскаго отдѣла Императорскаго Русскаго Географическаго Общества (ruscha), Qozon, 1871 — 228-bet. Qaraldi: 2016-yil 31-may.  (Wayback Machine saytida 2017-05-10 sanasida arxivlangan)
  19. Yoqubov 2001, s. 31.
  20. 20,0 20,1 20,2 Mayhew, Bradley; Richard Plunkett, Simon Richmond. Lonely Planet Markaziy Osiyo, 2 (inglizcha), Lonely Planet Publications, 2000 — 34, 159-bet. ISBN 0-86442-673-9. 
  21. 21,0 21,1 Soviet Central Asia: The Failed Transformation (inglizcha) William Fierman: . Boulder: Westview Press, 1991 — 17-bet. ISBN 0-8133-7907-5. 
  22. Tishkov, Valeriy. Ethnicity, Nationalism and Conflict in and after the Soviet Union. The Mind Aflame (inglizcha). London: Sage Publications, 1997 — 30-31-bet. ISBN 978-0761951858. 
  23. Yoqubov 2001, s. 51-57.
  24. „Isfana Weather“ (inglizcha). World Weather Online. Qaraldi: 2013-yil 26-aprel.
  25. 25,0 25,1 25,2 25,3 „Kyrgyzstan“ (en). City Population. Qaraldi: 30-dekabr 2015-yil.
  26. „Kyrgyzstan“ (en). City Population. Qaraldi: 30-dekabr 2015-yil.
  27. „Чынгызбек Рысов избран мэром города Раззаков. Резюме“ (ruscha). Turmush (2021-yil 6-avgust). Qaraldi: 2021-yil 8-oktyabr.
  28. „Kyrgyzstan: Widening Eethnic Divisions in the South“ (inglizcha) (hisobot). International Crisis Group (2012-yil 29-aprel). 24-noyabr 2013-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 15-noyabr. (Wayback Machine saytida 24-noyabr 2013-yil sanasida arxivlangan)
  29. „Узбеки Кыргызстана жалуются на дискриминацию и коррупцию“ (ruscha) (2006-yil 30-yanvar). 2012-yil 29-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 29-aprel.
  30. Kowalchuk, Darren (29.11.2012). Froese, Ursula (muh.). „Исфана (Кыргызстан): переход оттуда сюда“. OSCE Magazine (ruscha). № 4/2012. Vienna: OSCE. 27-bet. Qaraldi: 13.05.2014. {{cite magazine}}: sana kiritilishi kerak boʻlgan parametrga berilgan qiymatni tekshirish lozim: |accessdate= va |date= (yordam)
  31. Sitenkova, Darya. „За годы независимости Кыргызстан получил более $1 миллиарда кредитов на реабилитацию дорог“ (ruscha) (2013-yil 16-sentyabr). 2013-yil 21-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 20-sentyabr.
  32. „В Киргизии спустя 20 лет вновь открыт аэропорт Исфана“ (ruscha) (2007-yil 23-avgust). 2014-yil 16-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 20-aprel.

Havolalar

tahrir

Galereya