Atropat
Bu maqolaga boshqa birorta sahifadan
ishorat yoʻq. (avgust 2024) |
Atropat | |
---|---|
Ozarbayjon harbiy tarixi muzeyida Atropatning zamonaviy haykali | |
Midiyaning Ahamoniylar satrapi | |
Mansab davri – miloddan avvalgi 330-yil | |
Monarx |
Doro III Aleksandr Makedonskiy |
Vorisi | Midiya makedoniyaliklar nazoratiga o‘tadi |
Midiyaning Makedoniya satrapi | |
Mansab davri miloddan avvalgi 328-yil – miloddan avvalgi 323-yil | |
Monarx | Aleksandr Makedonskiy |
Oʻtmishdoshi | Midiya ikki qismga - „Buyuk“ va „Kichik“ (Atropatenga) bo‘lingan |
Vorisi | Oksidat |
Atropaten hukmdori | |
Mansab davri miloddan avvalgi 323-yil – miloddan avvalgi 320-yildan keyin | |
Monarx | noaniq |
Vorisi | noaniq |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi | miloddan avvalgi IV asr |
Vafoti | miloddan avvalgi 320-yildan keyin |
Dini | Zardushtiylik |
Atropat (qadimgi forscha:Aturpat, yunoncha: Atropatas, avesto:Atərəpāta – „olov bilan himoyalangan“; miloddan avvalgi IV asrda tavallud topgan) – Doro III va Aleksandr Makedonskiy davridagi fors zodagoni. „Midiya Atropaten“ yoki „Atropaten“ mustaqil davlatining asoschisi. Antik manbalarda Atropatning ilk marotaba tilga olinishi uning miloddan avvalgi 331-yilda Gavgamel yaqinidagi jangda ishtirok etgani bilan bogʻliq. Doro III vafotidan soʻng, Atropat makedoniyaliklar tomoniga oʻtgan va tez orada yana Midiya satrapi etib tayinlangan. Bu lavozimda u oʻz mavqeini mustahkamlagan.Aleksandr Atropatning xizmatlari va sadoqati uchun iltifot koʻrsatgan. Aleksandr vafotidan keyin Midiya boʻlingan va Atropat mamlakatning shimoli-gʻarbiy qismiga hukumdor boʻlgan. Keyinchalik bu hudud „Midiya Atropatena“ yoki „Atropatena“ nomini olgan. Diadoxlar urushi paytida Atropatena makedoniyaliklar hukmronligidan mustaqil bo'lib, Atropat oʻzini shoh deb eʼlon qilgan. Zamonaviy qarashlarga koʻra, „Ozarbayjon“ nomining etimologiyasi „Atropatena“ va shunga mos ravishda „Atropat“ nomi bilan bogʻliq.
Hayoti
[edit | edit source]Doro III va Aleksandr Makedonskiy davrida
[edit | edit source]Atropat qadimgi fors zodagonlari sulolasiga mansub boʻlgan[1]. Doro III davrida u Midiya satrapligi lavozimini egallagan. Miloddan avvalgi 331-yilda Gavgamel yaqinidagi Doro III va Aleksandr Makedonskiy oʻrtasidagi jang oldidan Atropat forslarga yordam uchun midiyaliklar, albanlar, kaduslar va sakesinlardan iborat qoʻshinni olib kelgan[2]. Jang paytida midiyaliklar, albanlar va sakesinlar oʻng qanotda, kadusiyaliklar esa chap qanotda harakatlanishgan[3][4][5]. Zamonaviy tarixchilarning fikriga koʻra, bu fragmentlar Atropat hukmronligi mazkur xalqlar joylashgan yerlarga, yaʼni Midiyaga, Sharqiy Kavkazortiga, shu jumladan Ozarbayjonning janubiy qismlariga, shuningdek, Gruziyaning bir qismiga qadar tarqalganligidan dalolat beradi[6][7].
Magʻlubiyatdan soʻng, Atropat Doro III ga sodiq qolgan. Fors podshosi Gavgameldan Atropat hukumronlik qilayotgan yerlarga qochib ketgan, u yerda makedoniyaliklarga qarshi urush uchun yangi qoʻshin toʻplash umidida boʻlgan edi. Ammo miloddan avvalgi 330-yilda, fors podshosi Doro III Bess va Nabarzan boshchiligidagi fitnachilar tomonidan oʻldirilgan, shundan soʻng Atropat Aleksandr tomoniga oʻtgan[6][4][5]. Bu vaqtga kelib Makedoniya podshosi Midiyaning satrapi qilib Oksidatni tayinlagan. Bir muncha vaqt Atropat Aleksandr saroyida „zaxira“ jangchisi boʻlgan. Keyinchalik Aleksandr Oksidatga ishonchini yoʻqotgan va 328–327-yil qishda Atropat avvalgi Midiya satraplik lavozimiga tiklangan[8][9][4][10][5]. Bunday strategik jihatdan muhim viloyatga mahalliy odamni, mintaqani yaxshi biladigan odamni tayinlanishi Hindistonga boʻlajak yurish oldidan Midiyani tinchlantirish zarurati bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin[11].
Aleksandr Hindistonda uzoq vaqt boʻlmaganida, Atropat unga sodiq qolgan va Midiyada Bariaks boshchiligidagi makedoniyaliklarga qarshi qoʻzgʻolonni bostirgan. Bu qoʻzgʻolon miloddan avvalgi 327–325-yillar oraligʻida boʻlib oʻtgan. Bariaksning shaxsi haqida ishonchli maʼlumotlar yoʻq. Ehtimol, u avvalgi Midiya podsholari sulolasidan chiqqan, yoki Axomaniylar davrida maʼmuriy yoki harbiy lavozimda ishlagan boʻlishi mumkin. Nima boʻlganda ham, qoʻzgʻolon uchun qulay fursat tanlangan edi. Makedoniyaliklarning asosiy qoʻshini Hindistonda boʻlib, mahalliy aholi makedoniyaliklarning oʻzboshimchaliklaridan norozi edi. Atropat nafaqat sarkardalik, balki tashkilotchilik qobiliyatini ham namoyon qilgan, chunki u otliqlardan ham, Eron falangasidan ham iborat qoʻshin toʻplay olgan va u bilan qoʻzgʻolonni bostirgan. Miloddan avvalgi 324-yilda u Makedoniya podshosi qatl etishni buyurgan qoʻzgʻolon yoʻlboshchilarini Aleksandr huzuriga Pasargadaga olib kelgan[12][13][14].
Hindistondan qaytgach, Aleksandr bir necha satrap va lashkarboshilarni qatl qiladi, ammo Atropat zarar koʻrmay Midiyaga qaytgan. Bu esa uning satraplik boshqaruviga ijobiy baho berilganidan dalolat beradi[15].
Miloddan avvalgi 324-yil oktyabrda Atropat Aleksandrni Ekbatan poytaxtida qabul qilgan. U dabdabali ziyofat uyushtiribgina qolmay[16], makedon podshosiga yuz nafar amazonka kiyimidagi chavandozlarni ham taqdim etgan[17]. Ehtimol, aynan shu voqea Makedoniyalik Aleksandrning amazonkalar bilan uchrashuvi va ularning malikasi Falestrida bilan ishqiy aloqalari haqidagi afsonaning asosiga aylangan[5].
Aleksandr Makedonskiy oʻlimidan soʻng
[edit | edit source]Miloddan avvalgi 323-yilda Aleksandr Makedonskiy vafotidan soʻng, u tuzgan imperiya sarkardalari Atropat va Pifon tomonidan boʻlib olingan. Imperiyani boʻlish paytida Atropat Midiyaning shimoli-gʻarbiy qismini oʻz hukumronligi ostida saqlab qolgan, janubiy yarmini esa Pifon boshqarishni boshlagan[18][19][4][5]. Midiyaning boʻlinish sabablari nomaʼlum. Aleksandr vafotidan keyin, Makedoniya imperiyasining regenti Atropatning qaynotasi Perdik boʻlgan. Ehtimol, u ulkan viloyatda hokimiyatni bir kishiga berishni istamagan va satraplikni ikkiga boʻlgan[1].
Diadoxlar urushlari davrida Atropat makedonlar hukmronligidan chiqib, „Kichik Midiya“, „Midiya Atropatena“ yoki „Atropatena“ deb nomlangan oʻz davlatini tuzishga muvaffaq boʻlgan. Strabon (taxminan miloddan avvalgi 64–63-yillar – taxminan milodiy 23–24-yillar) shunday yozgan:
„bu [Atropatiya Midiyasi] davlat nomlanishi harbiy qoʻmondon Atropat ismidan kelib chiqgan, u Buyuk Midiyaning bir qismi sifatida bu mamlakatning ham makedoniyaliklarga boʻysunishiga qarshi boʻlgan. Haqiqatan ham, podsho deb eʼlon qilingan Atropat oʻz qarori bilan bu mamlakatni mustaqil ekanligini maʼlum qilgan va hozir ham meros uning oilasida saqlanib qolgan, chunki uning avlodlari arman va Suriya podshohlari bilan, keyinchalik esa Parfiya podshohlari bilan qarindoshlik rishtalarini oʻrnatgan“[20].
Bunday batafsil tavsifga qaramay, zamonaviy tarixchilar Atropatning boshqaruvi tafsilotlarini aniq bilmaydilar. Hatto Kichik Midiyadagi Atropatning siyosiy mavqei haqida ham bir nechta farazlar mavjud. Miloddan avvalgi 320-yillarda Triparadisda Makedoniya imperiyasining boʻlinishida, Atropat tilga olinmagan. Biroq u Kichik Midiyani boshqarishda davom etgan. Makedoniyaliklar bu viloyatning oʻz nazoratlaridan chiqib ketishiga rozi boʻlganlar deb tamin qilinadi. Ulardan farqli oʻlaroq, tarixshunoslikda diadoxlar va Atropat oʻrtasidagi harbiy harakatlar haqida maʼlumotlar berilmagan. Ehtimol, bu manbalarning saqlanib qolmaganligi bilan bogʻliq. S. V. Smirnovning fikriga koʻra, Pifon va Atropat oʻrtasidagi oʻzaro ittifoqchilik shartnomasi boʻlganligi ehtimoli koʻproq boʻlib, unda ularning hudud chegaralari koʻrsatilgan. Atropat Pifon imperiyasining chekka viloyatlaridan birini bosib olishdan koʻra kattaroq maqsadlarni koʻzlab u bilan ittifoqchilik shartnomasi tuzgan va bu yordamida Atropat oʻz mulklarini xavfsizlashtirgan[1].
Taxminlarga koʻra, Atropat oʻzini qirol deb eʼlon qilgan va shunga koʻra, Kichik Midiyani miloddan avvalgi 317–316-yillardagi Gabian jangidan keyin Makedoniya tarkibidan mustaqil davlat sifatida ajralib chiqqanligini maʼlum qilgan[4][5]. Boshqa bir taxminga koʻra, Atropatena mustaqil boʻlgan yilini Triparadisdagi urush vaqti bilan hisoblash kerak, unda Atropatena tilga olinmagan, chunki Makedoniyaliklar bu hududni imperiyaning markaziy hokimiyati nazoratidan chiqib ketganligini tan olishgan[6][1].
Tarixchilarga Atropatning hukmronlik yillari, uning haqiqiy mustaqillikka erishgandan keyingi ichki va tashqi siyosatining xususiyatlari nomaʼlum. Uning hukmronligi davrida Atropatena davlati kuchayib, Aleksandrning sobiq Osiyodagi barcha mulklarini egallashga intilgan Selevkkaga qarshi qattiq kurash olib borganiga qaramay, Atropat vafot etgan sana va uning vorisi nomi nomaʼlumligicha qolgan[6]. Kichik Midiya tarixining oʻziga xos xususiyatlari haqidagi antik manbalardagi bunday boʻshliqning sababi, ehtimol, Atropat va uning vorislarining chet elliklarni, birinchi navbatda, yunonlar va makedonlarni oʻz mamlakatlariga kiritmaganligi deya tahmin qilinadi[6].
Yana qarang
[edit | edit source]Manbalar
[edit | edit source]- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 Smirnov 2014.
- ↑ Arrian 1962, III. 8. 4.
- ↑ Arrian 1962, III. 11. 3—4.
- ↑ 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 Chaumont 1987.
- ↑ 5,0 5,1 5,2 5,3 5,4 5,5 Heckel 2021, s. 116, 261. Atropates.
- ↑ 6,0 6,1 6,2 6,3 6,4 Aliev 1989.
- ↑ Balaxvantsev 2021.
- ↑ Arrian 1962, IV. 18. 3.
- ↑ Koshelenko, Gaibov 2007.
- ↑ Hyland 2013, s. 120.
- ↑ Hyland 2013, ss. 128–129.
- ↑ Arrian 1962, VI. 29. 3.
- ↑ Hyland 2013, ss. 128–132.
- ↑ Heckel 2021, ss. 128–129, 288. Baryaxes.
- ↑ Arrian 1962, VII. 4. 1.
- ↑ Afiney 2010, XII. 53; 538 a.
- ↑ Arrian 1962, VII. 13. 2—6.
- ↑ Diodor Sitsiliyskiy 1947, XVIII. 3. 3.
- ↑ Yustin 2005, XIII. 4. 13.
- ↑ Strabon 1964, XI. 13. 1.