Kontent qismiga oʻtish

Pertevniyal Valide Sulton masjidi

Koordinatalari: 41°00′36″N 28°57′11″E / 41.01000°N 28.95306°E / 41.01000; 28.95306
Vikipediya, erkin ensiklopediya
Masjid
Pertevniyal Valide Sulton masjidi; Aksaray Valide masjidi
turkcha: Pertevniyal Valide Sultan Camii; Aksaray Valide Sultan Camii
Pertevniyal Valide Sulton masjidining koʻchadan koʻrinishi
Mamlakat  Turkiya
Hudud Istanbul
Koordinatalar 41°00′36″N 28°57′11″E / 41.01000°N 28.95306°E / 41.01000; 28.95306
Masjid turi Masjid
Meʼmoriy uslub Islom meʼmorchiligi
Usmonli meʼmorchiligi
gotika
Uygʻonish davri arxitekturasi
Binokorlik sanasi 1872 yil
Minoralar soni 2
Minoralar soni 2

Pertevniyal Valide Sulton masjidi, Aksaray Valide masjidi (turkcha: Pertevniyal Valide Sultan Camii, Aksaray Valide Sultan Camii) – Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan Usmonlilar imperiyasi masjidi. Bino Aksaray mahallasidagi Ordu koʻchasi va Atatürk bulvari kesishmasida, 1872-yilda Sulton Pertevniyal buyrugʻi bilan qurilgan Pertevniyal oʻrta maktabi (turkcha: Pertevniyal Lisesi) yonida joylashgan. Masjid namoz vaqtlarida 400–500 namozxonni, juma kunlari esa 2500 dan ortiq musulmonni oʻziga sigʻdira oladi[1].

Masjidning joylashuvi Volida Sulton va sulton oilasi uchun muhim sanalgan, chunki Aksaray Usmonlilar davrida muhim savdo markazi edi. Oʻsha paytda hozirgi gavjum piyodalar koʻchasi oʻzining ajoyib goʻzalligi va bogʻlari bilan mashhur edi.

Usmonlilar imperiyasi davrida Istanbulda qurilgan oxirgi masjidlardan biri boʻlgan Pertevniyal Valide Sulton masjidi Sulton Mahmud II ning turmush oʻrtogʻi va sulton Abdulazizning onasi Pertevniyal Sulton uchun qurilgan. Masjid arman millatiga mansub Balyan meʼmorlar oilasi vakili Sarkis Bey tomonidan loyihalashtirilgan. Qurilish 1869-yilning noyabr oyida boshlanib, 1871-yilda yakunlangan[2]. Hovliga olib boradigan darvoza ustidagi yozuv masjidning qurilish sanasini koʻrsatadi. Boshqa hujjatlarda qurilish vaqti hijriy 1285-yilning shaʼbon oyi (milodiy 1869-yil noyabr) deb koʻrsatiladi. Pertevniyal Sulton 1883-yilda, masjid qurib bitkazilganidan 13 yil oʻtib vafot etgan va masjid ichiga dafn qilingan[3].

Pertevniyal Valide Sulton masjidi qurilishi uch yil davom etgan.

Masjid 2010-yillarda tozalanib, qayta tiklangan.

Arxitekturasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bino Usmonli meʼmorchiligining klassik, moorish, turk, gotika, rokoko uslublarining uygʻunlashuvidan iborat. Qurilishda turli elementlar uygʻunlashuvidan foydalanish Usmonlilar imperiyasining oxirgi davrlarida keng tarqalgan eklektik nuqtai nazarning taʼsirini koʻrsatadi[4]. Masjidda, shuningdek, Hindiston, Shimoliy Afrika va Andalusiya meʼmorchiligining ham taʼsiri seziladi. Bu esa Usmonli imperiyasida ayollarning roli kuchayib borganligidan dalolat beradi, chunki masjid aynan sultonning oila aʼzolaridan biri Pertevniyal Valide Sulton nomi bilan atalgan.

Tashqi koʻrinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Masjid maqbara, sevil, favvora, vaqt hisoblanadigan xona, kutubxona va madrasani oʻz ichiga olgan majmuaning markaziy qismi hisoblangan.

Masjid anʼanaviy qurilish rejasi boʻyicha 10x10 m oʻlchamdagi kvadrat shaklida qurilgan namozxonadan iborat boʻlib, yuqori qismi gumbaz bilan qoplangan. Toʻgʻridan-toʻgʻri namozxona oldida kech kelganlar namoz oʻqishi mumkin boʻlgan ayvon va sultonning maxsus namoz oʻqish xonasi joylashgan. Masjidning sharqiy, gʻarbiy va janubiy jabhalari minoralar bilan oʻralgan.

Ichki koʻrinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Pertevniyal Valide Sulton masjidining ichki qismi

Masjidning ichki maydoniga koʻk rangdagi bezaklar bilan ishlov berilgan. Devorlarida muqarnaslar, archa naqshlari, islimiy naqshlar va Xitoy meʼmorchiligidan ilhomlanib yaratilgan gulli bezaklar kabi koʻplab klassik Usmonli meʼmorchiligi detallari mavjud[4]. Masjidning ichki qismida ham oddiy marmardan yasalgan mehrob va minbar mavjud.

Pertevniyal Valide Sulton qabri markaziy masjidda joylashgan.

Arxitektorlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Baʼzilar masjid Montani Afandi tomonidan loyihalashtirilgan deb maʼlumot bersa, yana boshqa manabalarda bino Sarkis Balyanning loyihasi ekanligi aytiladi. Masjid loyihasi va qurilishida Hakob Balyan va Osepning ham hissasi boʻlishi mumkin. The World Digital Library masjidni aynan turk-arman arxitektori Hakob Balyan tomonidan ishlab chiqilganligini taxmin qilmoqda.

Oʻzgartirishlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hijriy 1328-yilda (milodiy 1911-yil) Pertevniyal Valide Sulton masjidi madrasasi yonib ketgan. Aksarayni taʼmirlash ishlarida (1956–1959) vaqt hisoblanadigan xona, sevil va qabr olib tashlangan. Qabrning bir qismi Sulton Salim III qabri yonidagi qabristonga koʻchirilgan. Keyinchalik Sultonning qabri asl koʻrinishida qayta tiklangan. Uning jasadi avval Topkapı saroyiga, soʻngra Sulton Mahmud II qabriga va nihoyat, oʻz qabriga koʻchirilgan. Oxir-oqibat, 1958-yilda maqbara buzib tashlangan[4].

Pertevniyal Valide Sulton masjidining fotoxrom bosma nusxasi Detroit nashriyot kompaniyasi katalogining „Views of People and Sites in Turkey“ boʻlimida keltirilgan[5].

Pertevniyal Valide Sulton masjidi Alyson Whartonning „The Architects of Ottoman Constantinople: The Balyan Family and the History of Ottoman Architecture“ (Usmonli Konstantinopol meʼmorlari: Balyan oilasi va Usmonli meʼmorchiligi tarixi) kitobida esga olingan[6].

Masjid haqida Ceren Katipoğlu Özmenning „Re-thinking historiography on Ottoman mosque architecture:nineteenth century provincial sultan mosques; a thesis submitted to the graduate school of social sciences of middle east technical university“ (Usmonlilar masjidi meʼmorchiligida tarixni qayta oʻrganish:Oʻn toʻqqizinchi asrda viloyatlardagi sultonlik masjidlari; Yaqin sharq texnika universitetining ijtimoiy fanlar aspiranturasiga taqdim etilgan tezis)da tilga olingan[7].

  1. „Pertevniyal Valide Sultan Camiisi ( Pertevniyal Valide Sultan Mosque)“ (en). howtoistanbul.com. 2023-yil 15-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 20-noyabr.
  2. „Pertevniyal Valide Sultan Mosque Complex“. Discover Islamic Art. Qaraldi: 2008-yil 26-yanvar.
  3. Akyıldız, Ali. Pertevniyal Valide Sultan. Fakat Hayırsever: Müsrif, 2016 — 343–4-bet. 
  4. 4,0 4,1 4,2 „Discover Islamic Art“.„Discover Islamic Art“.
  5. „Pertevniyal Valide Sultan Camii, Aksaray, Constantinople, Turkey“ (en). www.wdl.org (1890). Qaraldi: 2019-yil 20-noyabr.
  6. Wharton, Alyson. The Architects of Ottoman Constantinople: The Balyan Family and the History of Ottoman Architecture (en). I.B.Tauris, 2015-03-30. ISBN 978-1-78076-852-6. 
  7. Özmen, Ceren (2019). "RE-THINKING HISTORIOGRAPHY ON OTTOMAN MOSQUE ARCHITECTURE: NINETEENTH CENTURY PROVINCIAL SULTAN MOSQUES". Middle East Technical University.